Ayrim ota-onalar farzandini 7 yoshga etmasdan maktabga berishga shoshilishadi. Bu qanchalik to`g`ri? Bunday yoshda bolaning ruhiy va jismoniy holatida qanday o`zgarishlar kuzatiladi? Shu kabi muhim savollar bilan SSV Matbuot kotibi tibbiyot fanlari doktori, professor Shoanvar Shomansurovga murojaat qildi.
— Nima uchun bolaning maktabga chiqish yoshi 7 yosh etib belgilangan?
— O`zbekiston Respublikasining “Ta`lim to`g`risida”gi qonunida umumiy o`rta ta`lim tashkilotining birinchi sinfiga bolalar 7 yoshga to`ladigan yilda qabul qilinishi belgilangan. Vaholanki, avval bu raqam 6-7 yosh edi. Hozirga kelib esa maktabga chiqish yoshi qat`iy 7 yosh etib belgilangan. Buning bir qancha sabablari bor.
Avvalo, bola hayotining ettinchi yilida undagi harakatlar ko`lami kengayadi va aniqlashadi, harakatlarning o`zaro moslashuvi boshlanadi. 6-7 yoshli bolalar o`zini idora qilish va o`z harakatlarini nazorat qilish imkoniyatiga ega bo`la boshlaydi. Bolaning bo`yi bu davrda bo`yi ancha o`sib, og`irligi 22-24 kilogramm bo`ladi.
7 yoshlarda bola har tomonlama chiniqadi, qiziquvchan bo`ladi. Uning idrok kuchi va tafakkuri jadal rivojlanadi. Moddiy borliqni bilishga intila boshlaydi. Ularda gigienik malakalar shakllana boradi.
— Maktab yoshidagi bolada qanday ko`nikmalarni shakllantirib borish kerak?
— 7 yoshli bola jismoniy mashqlarni mustaqil bajarishga o`rgangan bo`lishi lozim. Jarohatlanishni oldini olish maqsadida bolada ehtiyotkorlikni, o`z harakatlarini nazorat qila olish ko`nikmalarini shakllantira borish kerak. Bolada chaqqonlik, jasurlik, topqirlik xislatlarini tarbiyalash, ayniqsa, muhim.
Bola bu yoshida arqonga osilib turishni, arg`imchoq uchishni, qiya qo`yilgan taxta ustidan yurib o`tishni, bir oyoqda “qaldirg`och” bo`lib turish kabi harakatlarni bilishi kerak. Unga oyoq uchlari bilan buyumlarni qisib olib ko`tarish va pastga tushirishni, birjoydan ikkinchi joyga ko`chirishni o`rgating. Bu mashqlar bolani asab tizimini mustahkamlashda, ularni aqlan rivojlanishiga katta yordam beradi.
Bu yoshda uning nutqini shakllantirish ahamiyatli. Bolaga qisqa-qisqa qiziqarli savollar berib, uni ko`proq gapirishga, so`zda tovushlar ketma-ketligini farqlashni, tovushlardan bo`g`inlar, so`zlar tuzishni o`rgatishga ahamiyat berish lozim.
— Bu jarayonlarda bolada nuqsonlar ko`zga tashlansa, qanday yo`l tutish kerak?
— Bu vaziyatda ota-onalarga shunday maslahat beramiz: agarda bola nutqida biron nuqson aniqlansa, uni logopedga ko`rsating. Agar eslab qolish, fikrlash borasida kamchiliklar sezsangiz, nevrolog ko`rigidan o`tkazing.
Chunki maktabga tayyorlanish davrida bolaning asablari taranglashadi, mas`uliyati ko`paygan sayin, bolalarda diqqat tarqoqligi, o`ta serharakatlik (giperaktiv), o`rgatilgan narsalarni tezda esdan chiqarib yuborish, yig`loqilik, beixtiyor harakatlar, gapga kirmasdan injiqlik qilish kabi patologik o`zgarishlar uchrashi mumkin.
Maktab yoshi bolani jamiyatga moslashuvidagi ilk katta qadam bo`lib hisoblanadi. Shuning uchun ham bu davr uning xotirasida salbiy iz qoldirmasligi kerak. Aks holda kelajakda ham buning ta`siridan chiqishi qiyin bo`ladi.
Bolani erta maktabga berish esa uning shunday muhim davrda qilingan eng katta tavakkaldir. Afsuski, ba`zi ota-onalar o`z xohish-istaklari bilan farzandlarini 6 yoshdan maktabga berishga harakat qilishadi. Eng yomoni, bu holat ko`pincha bolakayning maktabga moslasha olmasligi bilan yakun topadi. Bu esa o`z-o`zidan unda tajanglik, ruhiy zo`riqish, ta`lim olishdan zerikish, ijtimoiy muhitga moslasha olmaslik kabi salbiy holatlarning paydo bo`lishiga sabab bo`ladi.
Ayniqsa, bunday paytda boladagi tez charchash, nutq buzilishi, diqqatni jamlashdagi qiyinchiliklar yaqqol yuzaga chiqadi. Shunday ekan har bir ota-ona yuqorida aytib o`tilgan holatlar bolalarning sog`ligi yomonlashishi va bilim olishga salbiy ta`sir etishini unutmasligi darkor.
Agar ota-onalar chindan ham farzandlarining kelajagi va sog`ligini o`ylasalar, ularni 6 yoshdan maktabga berishga harakat qilmasligi lozim. Bu bilan ular o`zlari va farzandlari uchun katta yaxshilik qilgan bo`lishadi.