Xalqimiz og`ir judolikka uchradi. O`zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov 15 avgust kuni xastalik tufayli vafot etdi.
Prezident Shavkat Mirziyoev ta`ziyali xonadonga tashrif buyurib, marhumning oila a`zolariga hamdardlik bildirdi.
Davlatimiz rahbarining tashrifi, hamdardlik so`zlari og`ir judolikka uchragan ko`ngillarga taskin bo`ldi.
Marhumning haqiga duo qilindi.
Prezidentimiz muftiyning ezgu ishlarini yodga oldi.
– Hammamiz uchun katta yo`qotish bo`ldi. Ulug` inson edilar. Bilimi, mehnatsevarligi, kamtarinligi bilan elimizda obro` topgan edilar. Bu balo butun dunyoga azob olib keldi, qancha yo`qotishlar bo`layapti. Qo`limizdan kelgan hamma harakatni qildik. Lekin Allohning irodasi ekan. Ilohim, joylari jannatda bo`lsin. U kishini yaxshi nom bilan eslab, ishlarini davom ettirib, ruhlarini shod qilaylik, – dedi Shavkat Mirziyoev.
Ma`lumot uchun: Usmonxon Alimov 1950 yil 1 yanvarda Samarqand viloyati Ishtixon tumanida tug`ilgan. Buxoro shahridagi Mir Arab madrasasida, Toshkent islom institutida, Marokash davlatining Qaraviyyin universitetida tahsil olib, islom dini asoslarini, arab va fors tillarini chuqur o`rgangan.
U 1980-2006 yillarda Samarqand viloyati Payariq tumanidagi Imom Buxoriy masjidida imom noibi, imom-xatib vazifalarida ishlagan. 2000-2006 yillarda Samarqand viloyati bosh imom-xatibi bo`lgan.
Usmonxon Alimov 2006 yildan buyon O`zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi. Boy bilim va tajribasini ezgu amallarga safarbar etdi.






