Sudyalik lavozimiga nomzodlarni munosibligini baholovchi elektron dastur ishga tushirildi. Bu haqda AOKAda Sudyalar oliy kengashi mutasaddilari ishtirokida o`tkazilgan matbuot anjumanida ma`lum qilindi.
Prezident farmoniga asosan sudyalik lavozimlariga munosib kadrlarni tanlash va tayinlashning yangi tartibi joriy etildi. Bunda xolislik va shaffoflikni ta`minlash vazifasi belgilandi.
Birinchidan, OAV orqali bo`sh sudyalik lavozimlariga ochiq tanlovlar muntazam e`lon qilib borilmoqda.
Ikkinchidan, sudyalik lavozimiga tanlash va tayinlashga oid ochiq tanlovlarga axborot texnologiyalari tatbiq etish yo`lga qo`yildi.
Natijada inson omili keskin cheklanib, tanlov jarayoni ochiq va shafof o`tishi ta`minlanmoqda.
Tanlovni bevosita va bilvosita (onlayn tarzda) kuzatib borish imkoniyati yaratildi.
Uchinchidan, Sudyalik lavozimiga nomzodlar va sudyalarning psixologik portreti bo`yicha kasbga munosibligini baholashga ko`maklashuvchi elektron dastur ishlab chiqilib, sinovdan muvaffaqiyatli o`tib, to`liq ishga tushirildi.
Jumlajan "Psixologik test" elektron dasturi yordamida nomzodning qat`iylik, bosiqlik, jizzakilik, stressga chidamlilik, korrupsiya, alkogolizmga moyillik va boshqa psixologik xususiyatlari aniqlanadi.
Psixologik test natijasi professional psixolog tomonidan o`rganib chiqilib, tavsiyaviy xarakterga ega bo`lgan xulosa tuziladi. Mazkur xulosa nomzodning sudyalik lavozimiga tayinlanishida alohida e`tiborga olinadi.
Ma`lumot o`rnida, joriy yilning birinchi yarimida mazkur yangi tartib va ochiq tanlov asosida 202 nafar (yoki barcha nomzodlarning 72,4 foizi) nomzod sudyalik lavozimiga tayinlangan.
"Yana bir yangilik: Sudyalar oliy kengashi tomonidan sudyalar faoliyatini elektron reyting orqali ochiq va shaffof baholashning aniq mezonlari ishlab chiqildi. Mazkur elektron dasturni amaliyotga tatbiq etish choralari ko`rilmoqda", - deyiladi xabarda.






