Mamlakatimizda co`nggi yillarda sog`liqni saqlash tizimini, xususan, ixtisoslashtirilgan xirurgiya xizmatini takomillashtirish borasida O`zbekistonning tibbiy, ijtimoiy, iqtisodiy sharoitlarini hisobga olgan holda qator huquqiy hujjatlar qabul qilindi va aholini ijtimoiy himoya qilish shartlariga qat`iy rioya qilish tamoyillari ishlab chiqildi. Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati bu haqda ma`lumot berdi.
Jarrohlik xizmatining butun tuzilishi haqida gapirganda, bugungi kunda bu sohada ko`rsatilayotgan yordam sifati sezilarli darajada yaxshilanganligini ko`rish mumkin. Xususan, qishloq vrachlik punktlarining zarur jihozlar bilan ta`minlangan tarmog`i birlamchi tibbiy yordam ko`rsatishga qaratilgan. Hozirgi kunda barcha viloyat va shahar shifoxonalarini yangi jarrohlik texnologiyalari bilan ta`minlash, aholiga umumiy jarrohlik patologiyasining butun tarmog`ini qamrab olgan yuqori malakali jarrohlik yordamini ko`rsatish borasida samarali ishlar olib borilmoqda.
Respublika darajasidagi xirurgiya xizmatining izchil rivojlanishi hozirgi vaqtda aholiga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko`rsatish imkoniyatlarini yanada kengaytirmoqda.
Akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mamlakatimiz jarrohlik xizmatining etakchilaridan hisoblanib, bugungi kunda qorin bo`shlig`i, ko`krak qafasi va yurak jarrohligi kabi qator ixtisosliklarda eng murakkab yuqori malakali jarrohlik amaliyotlarini markaz bazasida amalga oshirmoqda.
So`nggi uch yil mobaynida markazda xirurgik davolashning 80 dan ortiq yangi usullari joriy etildi.
Hozirda markaz bo`limlarida yiliga 7000 nafarga yaqin bemorga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko`rsatiladi.
5500 dan ortiq murakkab darajadagi operasiyalar bajariladi, shundan 40-45 foizi yurak operasiyalari hisoblanadi. Bunday murakkab turdagi tibbiy amaliyotlarni amalga oshiradigan muassasalar mintaqamizda kam topiladi.
Bugunga kelib ushbu markazda 844 nafar xodim faoliyat yuritib, ulardan 178 nafari shifokor mutaxassislardir. Ularning 32 nafar fan doktori, 42 nafar fan nomzodi darajasiga ega malakali mutaxassislar ekani ham Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining ilmiy salohiyatini namoyon qiladi.