Braziliya prokuraturasi 77 yoshli bankir Jozef Safrani poraxo`rlikda aybladi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Amerikada chop etiluvchi Fortune jurnali ma`lumotlariga ko`ra, Safraning daromadi 18,6 milliard dollarni tashkil etadi.
Milliarder, shuningdek London shahridagi Meri-Eks osmono`par binosiga ham egalik qiladi. Milliarderdan tashqari, Safra Group kompaniyasining yana besh nafar xodimi ham korrupsiyada ayblanmoqda.
Ularga nisbatan soliq ushlanmalarini kamaytirish maqsadida amaldorlarga pora berganlik aybi ilgari surilmoqda.
Poraning umumiy qiymati hukumat tomonidan 4,2 million dollar deya baholanmoqda. Bankir mamlakat iqtisodiyotiga 500 million dollar zarar etkazgan.
“Mazkur jinoiy guruhning kriminal harakatlari turli suhbatlar va xabarlar almashinuvidan ma`lum bo`ldi. Ular asosida ayblov dalolatnomasi tuzilgan”,—deyiladi xabarda.
Milliarderning Safra Group kompaniyasi hukumat ayblovini asossiz ekanligini ta`kidlamoqda.