Joriy yilning 17 avgust kuni O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi raisligida videokonferensiya shaklida axborot almashish uchun Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligining Yagona elektron platformasini yaratish bo`yicha Konsepsiya loyihasini kelishish bo`yicha ekspertlar guruhining(1-chi) yig`ilish bo`lib o`tgan edi.
Tadbir MDH Ijroiya qo`mitasi tomonidan tashkil etilgan bo`lib, unda O`zbekiston Respublikasi vazirlik va idoralari ekspertlari bilan bir qatorda Belarus, Qozog`iston, Qirg`iziston, Tojikiston Respublikalari, Rossiya Federasiyasi, shuningdek MDH Ijroiya qo`mitasi va tarmoq hamkorligi organlarining vakolatli vakillari va ekspertlari ishtirok etishgan. Bu haqda Adliya vazirligi xabar beradi.
Xabarga ko`ra, yig`ilish chog`ida tomonlar konsepsiya loyihasi matni yuzasidan fikr almashib, o`z takliflarini taqdim etgan. Loyiha esa ular tomonidan qo`llab-quvvatlangan.
"Eslatib o`tamiz, 2020 yilning 18 dekabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoev tomonidan MDH Davlat rahbarlari Sammiti davomida o`zaro huquqiy yordam ko`rsatish sohasida koordinasiyani kuchaytirish va huquqiy axborot almashish uchun Yagona elektron platformani yaratish tashabbusi ilgari surildi.
Davlatimiz rahbarining mazkur tashabbusini amalga oshirish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan aloqador vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda axborot almashish uchun Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligining Yagona elektron platformasini yaratish bo`yicha Konsepsiya loyihasi tayyorlanib, yanada takomillashtirish uchun MDH Ijroiya qo`mitasiga yuborildi. ", deyiladi xabarda.