Reklamalarni joylashtiruvchilar daraxtlarning holati haqida aslo qayg`urmaydilar – qo`lbola usulda yasalgan bilbordlarini osish uchun to`g`ridan-to`g`ri ularning tanasiga mix va burama mixlar qoqib, ilgaklar bilan bog`lab qo`yadilar. O`zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi huzuridagi Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan joriy yilning o`tgan davrida daraxtlarga reklama o`rnatish bo`yicha aniqlangan 1300 dan ortiq holatdagi reklamalar zudlik bilan olib tashlandi. Bu haqda Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi xabar berdi.
“Reklama to`g`risida”gi Qonunga muvofiq, tashqi reklamani moddiy madaniy meros ob`ektlarida, yo`l belgilarida va svetoforlarda, ularning tirgaklarida yoki harakatni tartibga solib turuvchi boshqa har qanday qurilmalarda, shuningdek dov-daraxtlarni payhon qilish va tutash hududdagi obodonlashtirish vositalarini buzish yo`li bilan joylashtirish taqiqlanadi.
Shuningdek, Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan Toshkent shahar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasiga o`zboshimchalik bilan o`rnatilgan noqonuniy reklamalarning atrof-muhitga zarar etkazayotgani yuzasidan tegishli chora ko`rilishi bo`yicha xat chiqarildi.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 fevraldagi “Tashqi reklama bozorini tartibga solish to`g`risida”gi qaroriga asosan tashqi reklama ob`ektlarini (konstruksiyalarini) daraxtlarda o`rnatishga yo`l qo`yilmaydi.
Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi reklama tarqatuvchilarini tabiatga ziyon etkazuvchi noqonuniy reklama peshlavhalarini o`rnatmaslikka chaqiradi.
Hurmatli iste`molchilar, Agentlik tomonidan @bexatoreklamabot telegram boti orqali siz tashqi reklama vositalarining daraxtda o`rnatilgani haqida Agentlikka xabar berishingiz mumkin! Tabiatni asrash uchun reklama joylashtirishning muqobil (zararsiz) usullarini izlash muhim va zarurdir.