AsosiyJamiyat

Mening bolam autist!

Autizm shunday murakkab kasallikki, uni hatto tajribali mutaxassislar xam tashxis qo`yishga qiynalishadi. Odatda ota-onalar bolalari uch yoshga to`lganida ularning boshqa bolalardan o`zgachaligini payqashadi. Ungacha “xali gapirar, palonchi qarindoshimizning bolasi olti yoshda gapirgan” deya o`zlarini tinchlantirishga urinishadi. 

Bugungi qahramonimiz - mana shunday autist bolani tarbiya qilayotgan ona. Uning kechinmalari... 

U tug`ildi

Boburni tug`ilganida mendan baxtli odam dunyoda yo`q edi nazarimda. Qarab ko`zim to`ymasdi. Uxlashi, qo`lchalari, umuman turishi - hammasi risoladagidek. Dadasi “mening asl nusham bo`pti” deb kerilsa, katta o`g`lim qarindosh bormi, tanish-bilishlar bormi, hammaga ukasini maqtaydi, maqtanadi. “Ukam undoq qildi, bizni chaqalog`imiz bunday...” 

Boburim 1 yosh

Bobur 9 oyligida yurib ketdi. To`g`rirog`i yugurib ketdi. Ammo birorta ham so`z gapiray demasdi. Biz buni oyog`i tez chiqqan bolaning kechroq gapirishiga yo`ydik. 

Bog`chada

Boburni ikki yoshidan bog`chaga bergandim. Bir xaftacha injiqlik qildi-yu, keyin bog`cha opasiga ko`nikdi. Unga bolalar maydonchasida o`ynash yoqardi. 

Gapirmayotgani uchun uni bog`chadagi logoped u bilan shug`ullanishini so`radim. Logoped o`g`lim bilan bir necha marta mashg`ulot o`tkazganidan keyin, bolangiz bilan logoped emas, psixiatr shug`ullanishi kerak deb qoldi. Yugurib shahardagi eng nomi chiqqan nevrapotologlarga uchradik, o`n kun kasalxonada davolanib chiqdik. Ammo... O`zgarish deyarli bo`lmadi. 

Nutqida nuqsoni bo`lgan bolalar uchun mo`ljallangan maxsus bog`chaga yo`llanma berildi. Bog`cha juda chiroyli ta`mirlangan, har bir guruhdagi xonalarga bir nechtadan yumshoq gilamlar solinganligi menda juda yaxshi ta`surot qoldirgan bo`lsa-da, Boburga bu maskan sira yoqmadi. Bog`chaga yig`lab keladigan odat chiqardi. Bog`chaga yaqinlashishimiz bilan baqirib ko`z yosh qilardi, olib bergan konfetu shokoladlarimizga qayrilib ham qaramasdi. Tarbiyachisiga e`tiroz bildirgandim, bog`cha opalari va negadir soat15.00 dan keyin keladigan logoped opasi yana o`g`limni o`zini ayblashga tushishdi. Bobur ularning emas, maxsus aqli ojiz bolalar bog`chasining bolasi emish... Bu gaplardan keyin Boburning bu bog`chada qiladigan ishi qolmagandi... 

Vrachlar

Shu orada o`zimizga ma`qul keladigan nevrapatolog - Kamola opamizni topdik. U avvalgi vrachlarga o`xshab, bolamizda kechayotgan holatlarda bizni ayblamas, qo`lidan kelgancha bizni qo`llab quvvatlardi. Shu kishi ilk bor Boburga “Asperger sindromi” deb tashxis qo`ydi. Bu autizmning bir ko`rinishi bo`lib, unday bemorlar yaxshi tarbiya, korrreksion mashg`ulotlar tufayli jamiyatgda o`rnini topishi, ulg`ayganida o`z nonini o`zi topib eyishi mumkin bo`larkan. Demak, hammasi o`zimizga bog`liq. 

Uyda

Shundan keyin uyda Boburni bog`chaga bermaslikka qaror qildik. Nogiron bolalarni reabilitasiya qiladigan markazga yozildik. Logoped va psixologlar bilan shug`ullana boshladik. Avval Boburning odamlarning ko`ziga tik qaramasligiga e`tiborimizni qaratishdi. Bolamizni quchoqlab, erkalab, ko`zini ko`zimizga qarashga o`rgata boshladik. Avval bir sekunddan, keyin 2, keyin 3 soniyadan... Ularning tavsiyasiga ko`ra 2-3 yoshli bolalar uchun maxsus bolaning mayda motorikasini va mantiqiy fikrlashini rivojlantirish bo`yicha kitoblar sotib olib, uyda ham shug`ullana boshladik. Avval punktir chiziqlar bilan chizilgan rasmlarni ustidan gelli ruchka (boshqachasini ishlotolmadi) bilan chiziq chizishni o`rgatdim, keyin flomasterga o`tdik. Aytolmasa ham sanashni, ranglarni, harflarni, hatto koinotdagi sayoralarning nomlarini o`rgandik. U gapirmasdi, lekin “4 qani?” desangiz 4 sonini ko`rsatardi, “sariq qalamni ber” desak, sariq qalamni uzatardi, akasining xonasiga osilgan quyosh sistemasidagi barcha sayyoralarni va lotin alifbosidagi barcha harflarni ko`rsatib bera olardi. To`rt yarim yoshli bola shuncha narsani bilgandan keyin uni aqli ojiz deb bo`ladimi? Albatta, yo`q! 

Gapirmaymiz, so`zlashamiz

O`shanda o`tirib, Bobur aytgan, ayta oladigan so`zlarni yozib chiqdim. Yuztacha so`z bilarkan. Biroq u u bir kunda faqat shu biladigan so`zlaridan o`ziga kerakli o`ntasinigina qo`llardi xolos. So`zlarni faqat o`ziga kerak bo`lgan paytdagina (masalan, biror narsa egisi, biror joyga bogisi yoki biror o`yinchoq o`ynagisi kelsa) ishlatardi. Negaki bunday bolalarga tassurotlar juda muhim, lekin ular taassurotlari bilan o`rtoqlasha olmaydilar. 

Yana bog`cha!

Bir kuni dadasi, tanish-bilishlardan surishtirib, qo`shni tumandagi logoped bog`chasi haqida yaxshi gaplar topib keldi. Kamola opa ham, psixologlar ham bola, albatta boshqa bolalarga qo`shilishi kerakligi haqida ko`p gapirishgani uchun yana bog`chaga bordik. U erda bog`cha mudirasi bilan gaplashib o`tirgunimizcha, psixolog Boburni xonasiga olib chiqib ketdi. Yigirma minutlardan keyin Dinara (psixologning ismi) Bobur bilan qaytib keldi-yu, “bu - bizning bolamiz” dedi. Elkamdan tog` ag`darilgandek bo`ldi. Axir bizning tumandagi xuddi shunday bog`chadagi mutaxassislarning fikridan keyin o`zimni har qanday gapga tayyorlab turgandim-da. Biz “ularning bolasi” bo`lganimiz uchun, hatto bog`cha pulini ham to`lamas ekanmiz! Bunisi bizni yana-da hayratga soldi. 

Xullas Bobur bog`chaga bora boshladi. Bog`cha opalari bilan bir pasda chiqishib ketdi. U quvonib, guruhiga kirib ketadi, biz uning quvonganidan quvonamiz. Faqat bog`chasining bitta “minusi” bor edi - bu ham bo`lsa, u ruscha bog`chaydi. Xali gapirmaydigan bolamni boshqa tilni tushunishiga ko`zim etmasdi. Biroq bu ham muammo bo`lmadi. Uyda ham ikkita tilni qo`shib gapirganimiz uchunmi, bog`cha opalarining barcha gaplariga tushunarkan. Rus tilida birinchi aytgan gapi “Day, otday” bo`ldi. 

Shu orada ikkita so`zni qo`shib gapirishini talab qila boshladik. Masalan, olma egisi kelsa, “olma” derdi, “olma ber” demasang, bermaymiz deb, asata-sekin so`z birikmalari tuzishni o`rgatdik. 

Archa bayramida Bobur boshqa bolalarga qo`shilib, “Andijon polkasi”ga raqsga tushdi. Bu ham biz uchun katta yutuq edi. To`g`ri, uning harakatlari boshqalarnikiga qaraganda beo`xshov edi, bolalar tizzasiga cho`kkanda, u o`tirib olardi, lekin bu men uchun dunyodagi eng chiroyli raqs edi! 

Maktab tanlash

Shu yilning bahoridan boshlab, Bobur uchun maktab qidira boshladik. Kamola opa bizni oldiga o`tqazib, bolani umumta`lim maktabga ham berishga haqqimiz borligini, ammo Bobur uchun yordamchi maktab qulay bo`lishini tushuntirdilar. Biz istab-istamay, shunaqa maktablardan biriga yo`l oldik. Bizni iliq kutib olishdi, mehnatga yo`naltirilgan maktab ekanligini, agar bola dasturni yaqxshi o`zlashtirsa, bir necha yildan keyin umumta`lim maktabga o`tkazish imkoniyati borligini, bunday holatlar ko`p bo`lishini aytib, oxirgi qo`ng`iroqqa taklif qilishdi. 25 may kuni oxirgi qo`ng`iroqqa bordik. Menga eng ta`sir qilgani - o`qituvchi va maktab direktorining bitiruvchilar bilan yig`lab xayrlashgayotganlari bo`ldi. Yig`lashyaptimi, demak shu bolalarni dildan yaxshi ko`rib qolishgan, birovning bolasini, yana “boshqacharoq” bolalarni yaxshi ko`ra oladigan insonlarga bolamni ishonishim mumkin, deb o`yladim. 

Biz 1-sinfdamiz

2 sentyabr kuni guldasta ko`tarib, maktabga otlandik. Tasavvuring qiling: Boburga o`xshagan va o`xshamagan o`nta bola. Biri sinfga kirmayman, deb xarxasha qilsa, qikkinchisi yig`lashni boshlagan, uchinchisi ikkinchisi unga jo`r bo`lgan... Yig`laganlar ichida Bobur ham bor. Bolalarni tashlab, ota-onalar tashqarida turamiz. O`qituvchilar esa o`ta hotirjam - “bezovta bo`lmanglar, bir haftada o`rganib qolishadi” deb bizni tinchlantirishadi. Aytishganidek, ikkinchi haftadan eng ashaddiy yig`loqilar ham tinchib qoldi, faqat bitta bolakay darsga kirishdan bosh tortib, bir oy qo`shni sinfda yoshi kattaroq o`qituvchi bilan o`tirdi. 

Shu o`rinda maktab haqida bir og`iz to`xtalmasam bo`lmaydi. Maktabning avtobusi bo`lib, haydovchi amaki shu tumanda yashaydigan bolalarni hammasini yig`ib, soat sakkiz yarimga maktabga olib keladi, uch yarimda olib ketib, uy-uyiga tarqatadi. Soat 12 da tushlik qilishadi. Hammasi bepul. Yana o`quv yilining boshida bolalarga kiyim-bosh , oyoq kiyim ham berisharkan. Sinfining bir tomoniga gilam solib qo`yishgan - dars tugagandan keyin o`sha erda o`ynab o`tirishadi. 

Hozir harflarni o`tishni boshlashgan. Bobur faqat besh baholarga o`qiyapti. Undan umidimiz katta. Xali “maktab” deya olmaydi, lekin har kuni ertalab “Aya, ishga boyaman. To`rtta olma beying” deydi. 

Ota-onalarni havotirga solishi kerak bo`lgan belgilar:

- olti oylik va undan katta bo`lgan bola yaqinlarini ko`rganda kulmasa, xursand bo`lmasa;

- to`qqiz oylik bola kattalar kulganda kulmasa, va birorta tovush chiqarmasa;

- o`n ikki oyli bola atrof-muhitga qiziqmasa, masalan o`zini qiziqtirgan narsalarni barmog`i bilan ko`rsatmasa va ularning harakatni kuzatmasa;

- o`n olti oyligida birinchi so`zlarini (masalan, “aya”, “dada”) aytmasa;

- ikki yoshida ikki so`zdan iborat so`z birikmalarini tushunib ayta olmasa (qaytarmay, taqlid qilmay). 

Bolaning kasalligi qancha erta aniqlansa, uni davolash shuncha oson bo`ladi. Afsuski, autizmni butkul davolashning iloji yo`q ekan, lekin uning rivojlanishini oldini olish va ayrim alomatlarini bartaraf etish imkoni bor. Autizm dardiga mubtalo bo`lgan bolalarning kelajagi ota-onalarining qo`lida. Statistik ma`lumotlarga qaraganda, har o`nta autistning bittasigina jamiyatda o`z o`rnini topib ketarkan. Biz ham Boburning shu o`ntadan bittasi bo`lishiga harakat qilyapmiz. 

Boburning ayasi, "So`g`diyona" ayollar gazetasi Bosh muharriri

    Boshqa yangiliklar