AsosiyJamiyat

212 mln. so`m ekvivalentdagi naqd xorijiy valyutalarning noqonuniy olib o`tilishiga chek qo`yildi

“Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari bojxona chegaralari orqali naqd xorijiy valyutalarning noqonuniy olib o`tilishiga qarshi chora-tadbirlarni davom ettirishmoqda. 

Natijada, joriy yilning o`tgan davri mobaynida Toshkent xalqaro aeroporti orqali bojxonachilar tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda aniqlangan 58 ta bojxona qoidabuzarlik holatlarida 212  mln. so`mdan ortiq ekvivalentdagi naqd xorijiy valyutalarning noqonuniy ravishda olib o`tilishiga chek qo`yildi, bu haqda “Toshkent-Aero” IBK Axborot xizmati xabar beradi.

Jumladan, Almati shahriga parvozi oldidan qo`shni davlat fuqarosi A.Sergeeva (maqoladagi barcha ism-shariflar o`zgartirilgan) bojxona nazorati vaqtida shaxsiy ko`rikdan o`tkazilganda, cho`ntagida yo`lovchi bojxona deklarasiyasida va bojxona xodimining og`zaki so`rovi paytida ma`lum qilinmagan 2100 AQSh dollarini yashirgancha olib chiqishga uringani fosh bo`ldi.  

“Toshkent-Minsk” reysi bo`yicha safarga otlangan poytaxtlik O.Nazarova esa bojxonachilarning ko`zini shamg`alat qilishga urinib, ichki kiyimlari orasiga yashirilgan 2200 AQSh dollarini olib chiqishga uringan paytda to`xtatib qolindi.

“Omadi” chopmaganlar qatorida navoiylik T.Zafarova xam bor. Poytaxtdan Ekaterinburgga uchish oldidan bojxona ko`rigi davomida ushbu ayol sumkasidagi 2400 AQSh dollarini yo`lovchi bojxona bayonnomasidan ataylab “tushirib” qoldirgani aniqlandi.

“Toshkent-Frankfurt” yo`nalishi bo`yicha uchib ketishga shaylanar ekan namanganlik K.Kodirov belgilangan me`yordan ortiqcha valyutani cho`ntagiga solib, bamaylixotir o`tib keta olaman deb o`ylagan edi. Ammo, uning bezovtalanishi bojxonachilarda shubha uyg`otdi. Natijada, u 2900 AQSh dollari bilan “xayrlashishi”ga to`g`ri keldi.

Rossiyalik N.Ivanova ham tavakkalning “kattasi”ga qo`l urdi. Novosibirskka parvozi avvalida ushbu ayolga tegishli sumka bojxona ko`rigidan o`tkazilganda, unga noqonuniy tarzda olib chiqish maqsadida yo`lovchi bojxona deklarasiyasida va bojxona xodimining og`zaki so`rovi paytida ma`lum qilinmagan 4200 AQSh dollari yashirilganligi ma`lum bo`ldi.

Bangkokka otlangan buxorolik J.Olimova esa bojxonachilar qarshisida er chizib qoldi. Qarang-ki, bu ayol 4910 AQSh dollarini yo`lovchi bojxona deklarasiyasida qayd qilishni “unutib” qo`yibdi. 

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv jarayonlari davom ettirilmoqda.

Eslatib o`tamiz, amaldagi tartiblarga muvofiq, bojxona chegarasini kesib o`tayotgan jismoniy shaxslar tomonidan to`ldiriladigan yo`lovchi bojxona deklarasiyasida naqd chet el valyutalari mavjudligi va miqdori ko`rsatilishi shart.

Respublikamizda rezidentlarga 2000 AQSh dollari ekvivalentidagi naqd xorijiy valyutalarni yo`lovchi bojxona deklarasiyasida yozma qayd etish sharti bilan erkin olib chiqib ketishlariga ruxsat etiladi. 

Norezidentlarga esa O`zbekistonga kirib kelayotganda o`zi bilan olib kelgan hamda bojxonaga taqdim etilgan yo`lovchi bojxona deklarasiyasida qayd etilgan miqdordagi xorijiy valyutani olib chiqishlariga ruxsat berilgan.

Bundan ortiq miqdordagi naqd valyutalarni olib chiqish uchun esa vakolatli banklar yoki Markaziy bankning o`rnatilgan tartibdagi ruxsatnomasi talab etiladi.

    Boshqa yangiliklar