Barcha jonzotlar ichra eng qudratlisi Insondir, zero unga tafakkur qobiliyati ato etilgan. Biroq bu bebaho xislat yaratuvchilik, ezgulikka ham, vayronkorlik, buzg`unchilikka ham xizmat qilishi mumkin. Hayot mazmunini insonning o`zi boyitadi yoki qashshoqlikka mahkum etadi.
Inson komillikka intilishi, katta maqsad va orzular bilan yashashi, hazrat Navoiy aytganidek, “el g`amini” o`z g`ami deb bilishi, yoxud maydalashib, o`z huzur-halovatidan boshqasini o`ylamasligi, jamiyatdagi jarayonlarga loqayd, befarq umrguzaronlik qilishi – o`zining tanlovidir. Lekin gap faqat yashash tarzidagina emas, tanlovning atrofdagilar, umuman, jamiyatga ta`siri haqida o`ylab ko`raylik. Maydagap, faoliyasiz, har bir narsadan kir qidiradigan odamning buyuk maqsadi, kelajakka ishonchi, chiroyli orzularga intilib yashash tuyg`usi bo`lmaydi. Agar bu kayfiyatni boshqalarga ham yuqtiraversa, jamiyat tanazzulga uchrashi hech gap emas. Bu nafaqat uning, balki jamiyatning fojiasi bo`ladi.
Hayotda insonning ezgulik yo`lida qilgan har bir yaxshi amallari xalqimizda savob deyiladi, bu esa uning ma`naviy yuksakligi, keng tafakkuri, intellektual salohiyati, ezgu qarashlariga bog`liqdir. Ma`rifatdan uzoqlashish esa odam ongining tobora qashshoqlashib, fikr doirasining torayib borishiga olib keladi. Mana shunday fikri tor insonlar jamiyatda bo`layotgan tub islohotlarga go`yoki o`z nazdida baho berar ekan, yuzsizlarcha barcha jarayonga loy chaplayveradi, hammani tanqid ostiga olaveradi.
Taassufki, biz o`qimay qo`ydik. Ulkan merosimiz, boy xazinamizni, ming afsuski, aksariyat yoshlarimiz chuqur bilmaydi. Vaholanki, buyuk allomalarimiz ham o`z ta`limotini, fikrini asoslashda diniy va dunyoviy qadriyatlar, ilmiy yutuqlar, bilim va tajribaga tayangan holda xulosa chiqarganlar. Xalqimiz shoiri “alif ham chiqmaydi qornini tilsang, hammani o`ziga o`xshatadi u” deya ta`riflagan johil insonlarning ijtimoiy tarmoqlardagi fikrlarini o`qirkansan, fikrlashdagi sayozlik, tafakkurning torligi yana shu ilmsizlik mevasi ekanligidan tashvishga tushasan.
Xo`sh, bunday insonlarning o`zlari dunyoga nima uchun kelganlari, yashashdan maqsadlari, atrofidagilarga bo`lgan munosabatlarida zig`ircha bo`lsa ham axloqiy, huquqiy mezonlarga tayanib hukm chiqarayotganlari to`g`risida mulohaza qilarmikinlar? Loaqal bir marta bo`lsa ham, inson o`ziga shu savolni berganda edi, bilim hamda diniy, ma`naviy, milliy qadriyatlarga tayangan holda xulosa chiqargan bo`lardi. Axir o`zbek millatiga xos bag`rikenglik, mulohazalik, insonparvarlik, andishalilik, hurmat, o`ylab gapirish buning barchasi yuksak tafakkur belgisidir.
Jamiyatni faqatbirgalikda taraqqiy ettirib, olg`a siljitish mumkin. Hamjihatlik, ahillik, mushtaraklik, birdamlik bilan ezgu maqsadga erishiladi. Balandparvoz, siyqasi chiqqandek tuyulsa-da, bir fikrni aytishni joiz deb bildim: har bir inson jamiyatdagi jarayonga xudbinlarcha, o`z manfaatidan kelib chiqib, baho berishga haqli emas. Yurt fuqarosi, avvalo, uni voyaga etkazgan, ta`lim bergan, yaxshimi, yomonmi bir kasb, hunar egasi bo`lishiga ko`mak bergan, tinchligi va osoyishtaligini ta`minlayotgan davlat, hukumat, qolaversa, o`zi a`zo bo`lgan jamiyat oldidagi ma`naviy-axloqiy burch hissini unutmasligi, vaziyatga xolisona baho berish, hozirgi davrning ehtiyojlaridan kelib chiqib, butun jamiyat manfaatini hisobga olib, fikr bildirishi darkor. Biz yagona maqsad – porloq istiqbolimiz yo`lida birgalikda harakat qilishimiz kerak.
Buyuk Amir Temur yozadi: “ .....bu martabada turib xalqqa etkazayotgan yordaming va nafing, sen qilgan butun ishlaring-u harakatlaringning eng oliysidir». Yana shuni eshitdimki, hazrati payg`ambarimizdan, unga Tangrining marhamatlari va salomlari bo`lsin, so`rabdilar: «Agar siz nabiy va rasul etib yuborilmaganingizda, qaysi ish bilan mashg`ul bo`lardingiz?» Ular shunday deb javob bergan ekanlar: «Sultonlar xizmatida bo`lishni ixtiyor etib, Tangri taoloning bandalariga foyda va yaxshilik etkazardim”.
Shunday ekan, jamiyatimizda bo`layotgan ulkan o`zgarishlarga befarq tomoshabin bo`lib turishga hech birimizning haqqimiz yo`q.
Jamiyatimiz demokratik islohotlar jarayonida ulkan o`zgarishlar silsilasida yashayapti. Saylovlar eng muhim demokratik jarayondir. Chunki bizning qarorimiz, ovoz berish huquqimiz va haqiqiy fuqarolik pozisiyamizning mavjudligini ko`rsatuvchi jarayon. Bugungi jamiyatimizda biz saylovlarga muhim ahamiyat beramiz, zero demokratiyaning asosiy xususiyatlari saylovda amalga oshiriladi va odamlar kelajakdagi siyosiy jarayonlarga ta`sir ko`rsatish uchun munosib nomzodni qo`llab-quvvatlaydi. Demokratiyani kelajak avlod uchun ham saqlab qolishimiz zimmamizdagi oliy burchimizdir. Shu manoda yurtimizning kelajagiga ovoz berish fuqarolik tuyg`usi, davlatimizga bo`lgan hurmat, boringki, vatanparvarlik va mas`uliyatni nimoyon etishdir. Zero, saylov kelajak uchun mas`uliyatdir. Oddiy haqiqatlar esimizdan chiqmasligi kerak: kelajagini o`ylamagan millatning buguni ham bo`lmaydi.
Insoniyat tarixida ming yillar davomida yurt aholisi o`z hukmdorlari, rahbarlarini saylashda ishtirok eta olmagan. Zamonaviy tarixda ko`plab taraqqiy etgan mamlakatlarda, shu jumladan, O`zbekistonda ham davlat rahbari umumiy ovoz berish yo`li bilan saylanadi. Va davlat rahbari saylovlarida ishtirok etish har bir mamlakat fuqarosining vazifasidir. Shuni esda tutish kerakki, biz nafaqat prezident – davlat rahbari, balki mamlakatimiz, hududimiz, universitet, barcha fuqaro va har bir shaxsning kelajagini tanlashimiz kerak.
Ishonchim komilki, har bir o`zini va o`z mamlakatini hurmat qilgan fuqaro butun yurtimiz taqdiri va kelajagini belgilovchi tadbirlarda albatta ishtirok etadi. Ota-bobolardan meros yurtni, ularning omonatini, farzandlar va nabiralar taqdiriga befarq bo`lmasdan, kelajak avlodga munosib etkazish uchun hamsaylovlarda ishtirok etishimiz zarur.
Bu siyosat bizga taalluqli emas, bizning ovozimiz hech nimani hal qilmaydi, deb o`ylayotganlar nafaqat loqaydlik, befarqlik, balki buzg`unchilik kayfiyatini tarqatib, jamiyatimizdagi yangiliklarga, o`zgarishlarga o`zi bilmagan holda g`ov bo`ladi. Axir bu yurt uning avlodlarining ham vatani emasmi? Oddiygina falsafa: dunyo yorug` bo`lishini istasang, uyingda chiroq yoq, deydi xalqimiz. Shunday ekan, har birimiz gardanimizdagi mas`uliyatni unutmaylik.
Abduraxmanova Mexribon Dustmuradovna
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti O`zbek va rus tillari kafedrasi mudiri, Markaziy Osiyo xalqaro instituti etakchi ilmiy xodimi “Shuhrat” medali sohibi