AsosiyJamiyat

Majburiy ijro byurosiga parlament so`rovi yuborildi

'Majburiy ijro byurosiga parlament so`rovi yuborildi'ning rasmi

Yalpi majlis kun tartibiga kiritilgan navbatdagi masala – Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining ijro etilishi holati yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosiga yuborilgan parlament so`rovining muhokamasi bo`ldi.  

Tahlillarga ko`ra, Byuro organlari 2020 yil 1 yanvar holatida jinoyat, ma`muriy, fuqarolik, iqtisodiy sudlar va boshqa organlarning jami 48,7 trln so`mlik 3 788 927 ta ijro hujjati ish yurituvda bo`lgan.

Yil davomida 34,5 trln so`mlik 2 698 476 ta ijro hujjati tamomlangan va tugatilgan. Shundan 15,1 trln (31 %) so`mlik 2 124 591 ta (56 %) ijro hujjati amalda undirilgan. Ularning 7,6 trln so`mlik 742 476 ta ijro hujjati muddati buzilgan holda ijro etilgan.

2021 yil 1 yanvar holatiga 14,2 trln so`mlik 1 090 451 ta ijro hujjati qoldiq bo`lib o`tgan. Shulardan, 3,2 trln so`mlik 368 250 tasi (40 %) ikki oylik muddati o`tgan ijro hujjatlari hisoblanadi.

Shuningdek, normativ hujjatlarga asosan bitta ijrochiga bir oyda 19 ta ijro hujjati va bir yilda esa, 227 ta ijro hujjatining ijrosini ta`minlash imkoniyati mavjudligi ko`rsatilgan.

2021 yil 1 yanvar holatiga Byuro organlarida jami 2 320 nafar davlat ijrochisi faoliyat yuritadi. Har bir davlat ijrochisi tomonidan bir oyda o`rtacha tamomlagan ishlari 106 ta, kunlik esa 5 ta ijro hujjatiga to`g`ri kelmoqda. Ushbu qoldiqdagi 1 090 451 ta ijro ishi bo`yicha har bir davlat ijrochisiga bir oyda o`rtacha 470 ta ijro hujjatining ijrosini ta`minlash vazifasi yuklatilgan.

Shu bilan birga, huquqni qo`llash amaliyotida ham qator muammo va kamchiliklar mavjud. Jumladan, Majburiy ijro byurosi ish yurituviga fuqarolik ishlari bo`yicha sudlardan har haftaning belgilangan kunlari undiruvchi bilan ko`rishib turish to`g`risida ijro hujjatlari mavjud.

Lekin “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to`g`risida”gi Qonunda ko`rishib turish va ijro etish tartibi to`g`risida biror bir modda ko`rsatilmagan. Shuningdek, mehnat qonunchiligida mexanizm nazarda tutilmagan. Natijada davlat ijrochilari ushbu ijro ishlarini amalga oshirish uchun dam olish kunlari ham ishga chiqishiga majbur bo`lmoqda.

Bundan tashqari, “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to`g`risida”gi Qonunning 80-moddasida undiruvdagi 6 ta talab nazarda tutilgan. Xususan, birinchi navbatda byudjetga va davlat maqsadli jamg`armalariga to`lovlar, mehnatga oid munosabatlardan kelib chiqadigan alimentlar undirish, mualliflik shartnomalari, hayotga yoki sog`liqqa etkazilgan zararni qoplash, advokatlar tomonidan ko`rsatilgan yuridik yordam haqini to`lash bo`yicha talablar qanoatlantirilishi belgilangan. Lekin undiruvchi fuqarolar va tadbirkorlar ikkinchi va oltinchi bosqichda ko`rsatilgan. Shu sababli, fuqarolar va tadbirkorlar foydasiga undirilishi kerak bo`lgan qarzdorlik undirilmay tadbirkorlik faoliyatiga o`zining salbiy ta`sirini ko`rsatmoqda.

Bu esa, sud va boshqa organlarning ijrosi o`z vaqtida ta`minlanmay, fuqarolarning haqli e`tirozlariga sabab bo`layotganligi tanqid qilindi.

Mazkur masala yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosiga parlament so`rovi yuborish bo`yicha Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Boshqa yangiliklar