Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi matbuot kotibi Shavkat XO`JAQULOV oliy ta`lim muassasalariga o`qishga kira olmagan abiturient yoshlar va ularning ota-onalaridan kelib tushgan bir qancha dolzarb savollarga javob berdi.
Xorijiy davlatdagi oliy ta`lim muassasasida o`qish istagida bo`lgan yoshlar kelajakda o`zlari tanlagan oliy ta`lim muassasasining diplomi O`zbekistonda tan olinishi uchun nimalarga e`tibor qaratishi lozim?
— Avvalo, tashkilotning oliy ta`lim muassasasi sifatida faoliyat yuritishiga ruxsat beruvchi hujjati, ya`ni lisenziyasi mavjudligiga ishonch hosil qilish kerak. Keyingi eng muhim talab – ta`lim muassasasi tomonidan beriladigan diplom o`zi joylashgan mamlakat hududida tan olinishi bilan bog`liq. Buning uchun esa oliy ta`lim muassasasi va uning ta`lim dasturlari vakolatli organlar tomonidan akkreditasiyadan o`tkazilgan bo`lishi zarur.
Bundan tashqari, talabgor tanlagan oliy ta`lim muassasasining o`qitish shakli va ta`lim dasturlari O`zbekiston qonunchiligiga mos kelishini o`rganishi zarur. “Ta`lim to`g`risida”gi qonunga ko`ra, O`zbekiston hududida rasman tan olinadigan bakalavriat bosqichi kamida 3 yil, sirtqi ta`lim kamida 4 yil, magistratura esa kamida 1 yil muddat etib belgilangan.
Agar xorijiy ta`lim to`g`risidagi hujjat berilgan davlatda uning egasiga O`zbekistondagiga qaraganda ta`lim olish va (yoki) kasbiy faoliyat bilan shug`ullanish uchun kam huquqlar berilgan va oliy ma`lumot O`zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilmagan ta`lim shaklida olingan bo`lsa, bakalavriat ta`lim yo`nalishlari va magistratura mutaxassisliklari qo`shib o`qitiladigan ta`lim dasturlari bo`yicha ta`lim olganda umumiy o`qish davri uch yildan kam bo`lsa, bunday hollarda xorijiy oliy ta`lim muassasasi diplomi mamlakatimizda tan olinmaydi.