AsosiyJamiyat

Talabalar uchun davlat-xususiy sheriklik asosida turar joylar quriladi

'Talabalar uchun davlat-xususiy sheriklik asosida turar joylar quriladi'ning rasmi

“Respublika oliy ta`lim muassasalarida talabalarni turar joy bilan qamrab olish darajasini oshirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Hukumat qarori  qabul qilindi. Qarorga ko`ra, talabalar turar joylari davlat-xususiy sheriklik asosida quyidagi shakllarda barpo etiladi:

➖ loyihalarni tadbirkorning o`z mablag`idan kelishiladigan shartlar asosida moliyalashtirish;

➖ loyihalarni tadbirkor va Davlat byudjeti mablag`lari hisobidan aralash moliyalashtirish (kamida 200 o`rinli turar joyni barpo etish uchun);

➖ loyihalarni tadbirkorning to`liq o`z mablag`lari hisobidan moliyalashtirish (kamida 400 o`rinli turar joyni barpo etish sharti bilan).

Turar joylarni qurish uchun viloyat hokimlari tomonidan OTMga 0,5 gektargacha er unga yaqin joylardan ajratiladi.

Tadbirkorga tegishli er yoki binoda kamida 50 o`rinli turar joy tashkil etish tizimi joriy etiladi.

Bunda, to`lov OTM bilan kelishiladi hamda u erda yashagan har bir talaba uchun tadbirkorga bir o`quv yili uchun Toshkent shahrida BHMning 10 baravari, boshqa hududlarda esa 5 baravari miqdorida subsidiya ajratiladi.

 OTMlarning oshxona va bufetlarini olgan tadbirkorlarga davlat ko`chmas mulkidan foydalanganlik uchun ijara to`lovining eng kam stavkalari qo`llaniladi. Bunda, tadbirkorlar talabalar uchun sifatli oziq-ovqat mahsulotlari va taomlar tayyorlash hamda ularni arzon narxlarda sotish majburiyatini oladi.

2021 yil 1 sentyabrdan talabalar bilan ishlash bo`yicha “guruh murabbiyi” instituti bekor qilindi hamda o`rniga 1–3-kurs talabalari uchun muammolarni bartaraf etishda yaqindan yordam ko`rsatuvchi tyutorlarni biriktirish amaliyoti yo`lga qo`yildi.

 Har 120–150 nafar talabaga 1 ta shtat birligi hisobida “Tyutor” lavozimi kiritiladi.

Qarorga ko`ra, respublika bo`yicha jami 228 ta talabalar turar joylari (400 o`rinli) barpo etiladi. Shundan hududlarda 2022 yilda 47 ta, 2023 yilda 67 ta, 2024 yilda 62 ta, 2025 yilda 52 ta talabalar turar joylarining qurilishi belgilangan.  

Boshqa yangiliklar