Kuni kecha Qashqadaryodagi maktabda bolalar parta yo`qligi uchun polda dars qilayotgani haqida xabar bergan edik. Xalq ta`limi vaziri Sherzod Shermatov ushbu holatga o`z munosabatini bildirdi.
"Kimdir jismonan imkoniyati cheklangan bo`lsada davlatimiz obro`sini dunyoga ko`taryapti, kimdir to`rt muchasi sog` bo`lib, o`zaro shaxsiy kelishmovchiligi sabab mamlakatimiz obro`sini to`kishga harakat qilayapti",- deyiladi vazir izohida.
Shermatov ijtimoiy tarmoqlarda tarqab ketgan videodagi maktabga shaxsan o`zi borganini aytadi:
Eng alam qiladigani, ushbu maktabga o`tgan yili o`zim borib, xarob ahvolda bo`lganiga ta`mirlash dasturiga qo`shtirgandik. Natijada, 3 mlrd so`mdan ortiq mablag` ajratilib, maktab bu yil ta`mirlanayotgan edi.
Afsuski, dastlabki surishtiruvga ko`ra, maktabning ayrim o`zaro qarindosh bo`lgan o`qituvchilari va direktor orasidagi kelishmovchiliklar sababli, bolalarni polga o`tkazib, rasmini turli ijtimoiy tarmoqlarda va OAVlarda tarqatishmoqda. Aslida, katta miqdordagi ta`mirlash ishi oxirigacha to`liq tugab ulgurmaganiga, maktab ochilmasligi, bolalar vaqtincha boshqa maktabda yoki masofadan o`qib turishi rejalashtirilishi kerak edi. Shuning uchun ham maktabda yangi mebellar vaqtincha o`rnatilmagan. Agar juda shoshilinch bo`lib ta`mirdan chiqqan joyida o`qishni tashkil etish juda zarur bo`lsa o`tgan yilgi mebelni vaqtincha ishlatib tursa ham bo`lar edi. Maktabda o`quvchi soni quvvatidan oshiq emas, shunga bir smenada o`qishni tashkil etish uchun joy etarli.
Shu orqali yarim asr davomida ta`mirlanmagan maktab ta`mirlanayotganiga Yakkabog`dan o`ziga xos minnatdorchilik bildirishibdi...
Endi buyog`iga prokuratura organlari holatni to`liq o`rganib, tegishli javobgarlik choralarini ko`rishadi deb umid qilamiz.