O`zbekiston Respublikasi turizm va sport vazirligi hamda Xalqaro avtomobil federasiyasi (FIA)ning rasmiy a`zosi bo`lgan O`zbekiston Milliy avtomobil klubi jamoatchilik birlashmasi tomonidan mamlakatimizda avtomobil sporti qoidalari tasdiqlandi.
Joriy yil 9 sentyabrda bo`lib o`tgan uchrashuvda Turizm va sport vaziri o`rinbosari Avazjon Karimov hamda O`zbekiston Milliy avtomobil klubi jamoatchilik birlashmasi vise-prezidenti Aleks Soy O`zbekiston Respublikasida avtomobil sporti Qoidalari hamda avtomobil sporti bo`yicha 2021 yilgi respublika va mintaqalararo musobaqalar to`g`risidagi Nizomni tasdiqlab, imzolashdi.
O`zbekiston Respublikasida avtomobil sporti Nizomi va Qoidalari O`zbekiston Milliy avtomobil klubi jamoatchilik birlashmasi tomonidan Xalqaro sport kodeksi(ISC)ga muvofiq hamda sport vakolatlari asosida ishlab chiqilgan va muvofiqlashtirilgan.
Xalqaro avtomobil federasiyasi (FIA)ga – 1904-yilda asos solingan bo`lib, u butun dunyoda xalqaro avtomobil sportini (kartingdan boshlab Formula-1ga qadar) boshqaruvchi nufuzli organ hisoblanadi. FIA, shu bilan birga jahondagi etakchi avtomobil tashkilotlarini o`z atrofiga birlashtirib, nafaqat avtomobil sportini rivojlantirishga, balki sayyoramizdagi yo`l harakati ishtirokchilarini xavfsiz, barqaror va qulaylik bilan ta`minlashga xizmat qiladi.
FIAga jahondagi 143 mamlakatning 245 dan ortiq avtomobil sporti klublari, xususan “O`zbekiston milliy avtomobil klubi” jamoatchilik birlashmasi ham a`zo bo`lgan. Tashkilotning butun dunyo bo`yicha 80 milliondan ortiq a`zolari mavjud.
Xalqaro sport kodeksiga (ISC) muvofiq ishlab chiqilgan O`zbekiston Respublikasida avtomobil sporti Nizomi va Qoidalari milliy avtosportning rivojlanishi, shuningdek, mamlakatning xalqaro avtosportga uyg`unlashuviga sezilarli ta`sir ko`rsatadi. Bu esa, o`z navbatida yurtimizda avtosport bo`yicha xalqaro musobaqalarni o`tkazish imkonini beradi. Shuningdek, sezilarli darajada sportchilarimiz uchun kartingdan boshlab Formula-1gacha bo`lgan musobaqalarda qatnashish imkoniyatini ochib beradi.