AQSh va O`zbekiston afg`on uchuvchilari borasida kelishuvga erishdi. Unga ko`ra Afg`oniston Harbiy havo kuchlari uchuvchilari oilalari bilan birgalikda Amerika harbiy bazasiga ko`chiriladi. Bu xabarni Sputnik O`zbekiston “The Wall Street Journal” gazetasiga tayangan holda tarqatdi.
Ta`kidlanishicha, gap “Tolibon” harakati hukumat tepasiga kelgandan keyin o`z yaqinlari bilan harbiy samolyot va vertolyotlarda O`zbekistonga qochgan uchuvchilar haqida bormoqda. Toliblar ularni qaytarishga urinishgandi, deb yozadi RIA Novosti.
Nashr ma`lumotlariga ko`ra, 585 nafar afg`on uchuvchilari, ekipaj a`zolari va ularning yaqinlari AQShning Dohadagi harbiy bazasiga uchib ketadi. Biroq keyin ularning Qatardan AQShga va yoki boshqa joyga ketishi noma`lum.
Gazetaning yozishicha, O`zbekistonda Afg`onistondan kelgan 46 ta samolyot va vertolyot bo`lib turibdi. “Tolibon” ularni qaytarishni so`ragan. Toliblar vakili Suhayl Shohin avvalroq uchuvchilarning mamlakatga qaytishlari lozimligini bildirgan. Uning so`zlariga ko`ra, Afg`onistonning ularga muhtojligi bor.