Prezident Shavkat Mirziyoev bugun Xorazm viloyatida safarini davom ettirmoqda. Prezident viloyatdagi to`rtta dolzarb muammoni birma-bir sanab o`tgani haqida xabar bergan edik.
"Darakchi" muxbiri Sardorbek Rahmonqulovning ma`lum qilishicha, davlat rahbari ushbu muammolarni bartaraf etuvchi viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo`yicha besh yillik Dastur tayyorlanganini ma`lum qilgan va Dasturning eng ustuvor yo`nalishlari hamda vazifalariga to`xtalgan.
" – Unga ko`ra, ishsizlik va kambag`allikni qisqartirish, aholi daromadlarini oshirish maqsadida, kelgusi besh yilda viloyatda:
- 250 mingdan ziyod yangi ish o`rinlari, avvalambor, mahallalarda tadbirkorlikni keng joriy etish orqali, 100 mingdan ziyod yangi ish o`rni yaratiladi. Buning uchun, har bir mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish va ish o`rinlarini yaratish uchun mas`ul bo`lgan “hokim yordamchisi” lavozimi joriy qilinadi.
- Endi oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida tadbirkorlarga ajratiladigan 700 milliard so`m imtiyozli bank kreditlari hokim yordamchilari bilan birga ishlab chiqilgan loyihalar uchun beriladi.
- Sharoiti og`ir 98 ta mahallaning infratuzilmasini rivojlantirish uchun, byudjetdan 150 milliard so`m yo`naltiriladi. Ushbu mahallalarda kooperasiyalar tashkil etilib, ularga jami 200 milliard so`m miqdorida 10 foizlik kreditlar ajratiladi.
- Aholini kasb-hunarga o`qitib, tadbirkorlikka jalb qiladigan mikrokredit tashkilotlariga 50 milliard so`m miqdorida, 5 foizli imtiyozli kreditlar ajratiladi. Bu tajriba Xorazmdan boshlanadi.
- Yoshlarning o`z biznesini boshlashiga amaliy yordam berish uchun Urganch tumanida biznes-inkubator tashkil etiladi.
- Urganchdagi Pahlavon Mahmud va Xivadagi Alleya hududlarida “Turizm ko`chasi” barpo etiladi.
- Xiva shahriga tezyurar poezd qatnovi yo`lga qo`yilib, turistlar oqimi kamida 2 barobarga oshadi.
- “Manguberdi vataniga sayohat” nomli ichki turizm dasturi orqali, har yili 500 mingdan ziyod o`quvchi, talaba va pensionerlarning Xorazmga safarini tashkil etiladi.
- 12 ming gektar paxta va g`alla maydonlari qisqartirilib, aholiga ochiq tanlov asosida, 50 sotixgacha er uzoq muddatli ijaraga beriladi va 55 mingdan ziyod aholi bandligi ta`minlanadi.
- Yangiariq tumanida ekin ekilmaydigan erlarda tadbirkorlar tomonidan quduqlar qazilib, ixcham issiqxonalar quriladi va ular aholiga kooperasiya asosida beriladi. Natijada, 2 ming nafar aholi band bo`ladi. Viloyatda bu tajribani joriy etishga, dastlabki bosqichda 100 milliard so`m ajratiladi.
- -Xorazmlik mohir ustalar faoliyatini qo`llab-quvvatlash maqsadida, o`zini o`zi band qilgan ustalarga birgalikda, kooperativ asosida ishlashga ruxsat beriladi.
- Kasb-hunar markazi tashkil etilib, uni bitirganlarga asbob-uskuna sotib olishga subsidiya ajratiladi. Shu orqali 10 ming nafar fuqarolar o`qitilib, bandligi ta`minlanadi.
Bundan tashqari, davlat rahbari viloyatdagi sanoat, qishloq xo`jaligi, tadbirkorlik va yana bir nechta yo`nalishlar bo`yicha amalga oshiriladigan ishlar bo`yicha ham ma`lumot berdi.






