AsosiyJamiyat

Sentyabr oyi boshidan Toshkent shahar “tez yordam” xizmatiga 74 mingdan ziyod chaqiriq kelib tushgan

'Sentyabr oyi boshidan Toshkent shahar “tez yordam” xizmatiga 74 mingdan ziyod chaqiriq kelib tushgan'ning rasmi

Bugungi kunda koronavirus infeksiyasining er yuzi bo`ylab tarqalish sur`ati hanuz yuqoriligicha qolmoqda. Shu qatori, yurtimizda ham ushbu xavfli kasallik hali ortga chekingani yo`q.

 Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi bosh shifokori Doniyor BO`RIBAEV shu bilan bog`liq savollarga javob berdi.

— Sentyabr oyi boshidan shu kungacha shahar “Tez yordam” xizmatiga qancha chaqiriq kelib tushdi?

— Avvalo shuni aytish lozimki, bugungi sinovli kunlarda mamlakatimiz tibbiyot xodimlari, xususan, “Tez yordam” xizmatining barcha brigadalari aholini koronavirus infeksiyasidan himoya qilish, bemorlarga o`z vaqtida sifatli tez tibbiy yordam ko`rsatish maqsadida tunu kun xizmat qilmoqda. Raqamlarga murojaat qilsak, sentyabr oyi boshidan ayni shu davrga qadar shahar tez tibbiy yordam stansiyasi CALL-markaziga bir kunda o`rtacha 3500 ta chaqiriq kelib tushdi. Jami murojaatlar soni esa 74 ming 260 tani tashkil etdi. Taqqoslash uchun aytsak, o`tgan yil sentyabr oyining xuddi shu davrida bu raqam  52 ming 541 ta edi.

— Ma`lumki, kuz faslida turli mavsumiy kasalliklar yanada avj oladi. Bu holat “Tez yordam” xizmati faoliyatiga qanchalik ta`sir etmoqda?

— Darhaqiqat, kuz kelishi bilan insonlarda turli mavsumiy xastaliklar – gripp va o`tkir respirator virusli infeksiyalar(O`RVI), nafas yo`llarining boshqa yuqumli kasalliklari ko`p kuzatiladi. Natijada organizmda immunitet pasayib, kasallik yuqtirishga moyillik yanada oshadi. Bu esa o`z-o`zidan bemorlar soni ortishiga ham sabab bo`ladi. Aytish lozimki, mazkur holat ayni paytda “Tez yordam” xizmati faoliyatiga ham ta`sir etib, chaqiruvlar soni ortishiga sabab bo`lmoqda. Bunga esa so`nggi kunlarda “103” xizmatiga bo`layotgan murojaatlar sonidan ham bilish mumkin. Xususan, keyingi 10 kunda (12-21 sentyabr) shahar “103” xizmatiga chaqiruvlar soni bir muncha ortishi kuzatildi. Xususan, shu davrda kunlik chaqiruvlar soni o`rtacha 3800 tani tashkil etib, jami murojaatlar  37 ming 435 taga etdi. Shundan tana harorati ko`tarilgan 12 ming 339 nafar hamda pnevmoniya belgilari kuzatilgan, koronavirusga gumon qilingan va PZR test musbat natija bergan 1063 nafar kishiga sifatli tez tibbiy yordam ko`rsatildi.

— Gripp va koronavirus infeksiyasidan himoyalanish uchun yurtdoshlarimizga qanday tavsiyalar berasiz?

— Avvalo shuni aytmoqchimanki, bugungi pandemiya sharoitida gripp va o`tkir respirator virusli infeksiyalarga ro`baro` bo`lmaslik har birimiz uchun juda muhim.  Boisi gripp va pnevmoniya chaqiruvchi virusli xastaliklarning koronavirus bilan birgalikda kelishi bemorda kasallikning yanada og`ir kechishiga sabab bo`ladi. Shu bois, barchamiz, eng avvalo, yurtimizda o`rnatilgan karantin qoidalariga qat`iy amal qilishimiz lozim. Qolaversa, aholidan koronavirus infeksiyasi va grippga qarshi emlash tadbirlarida faol qatnashishlarini so`rayman. Bu esa mamlakatimizda epidemik vaziyat barqarorligini ta`minlash, o`zimiz va yaqinlarimiz salomatligini asrashda muhim sanaladi. Shuningdek, kimda shamollash va koronavirus infeksiyasi belgilari kuzatilsa, avvalo, oila shifokoriga murojaat qilishlari va mutaxassis tavsiyasiga ko`ra, davo muolajalarini olishlari lozim. Bu bilan nafaqat ular o`zlariga, balki “Tez yordam” xizmatining samarali ishlashiga ham katta yordam beradi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar