1

Nozim To`laxo`jaev: “Shaxsiy hayotdan ko`ra ijodni ustun qo`ydim”

Shou-biznes 11.04.2016, 14:46
Teglar: Kino, Aktyor
Nozim To`laxo`jaev: “Shaxsiy hayotdan ko`ra ijodni ustun qo`ydim”

Bugungi qahramonimizning san`atga kirib kelishi tasodif emasdi. Ijodiy muhitda ulg`aygan O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan madaniyat xodimi Nozim TO`LAXO`JAEV chin ma`noda otasiga munosib izdosh bo`la oldi. Iste`dodli rejissyor, ssenariynavis vaqt o`tishi bilan aktyorlik qirralarini ham kashf eta oldi. Nozim TO`LAXO`JAEV ortga nazar tashlab, umr va hayot yo`lini yodga oldi... 

“Anna Axmatova qo`shnimiz edi” 

— 1951 yilning 4 yanvarida Toshkent shahrida ziyoli oilada tug`ilganman. Otam O`zbekiston xalq shoiri Turob To`la, onam Tamara Xachaturova sil kasalligini davolovchi shifokor edi. Opam Muhabbat To`laxo`jaevani ko`pchilik “Maftuningman” filmidagi Muhabbat roli orqali yaxshi taniydi. Biroq u aktrisalikni tanlamadi, hozirda taniqli teatrshunos. 

Bolaligimda juda sho`x bo`lganman, doim bir “hunar” ko`rsatib yurardim (kuladi). Eng qizig`i, harf tanimasam-da, kitobni boshidan oxirigacha erinmay har bir qatoriga barmog`imni qo`yib, ko`z yugurtirib chiqardim. Ota-onam bu ishimdan tashvishga ham tushishardi (kuladi). Kitob o`qishga bo`lgan ishtiyoqim so`z bilan ta`riflab bo`lmaydigan darajada yuqori bo`lgan-da. 

Urush vaqti O`zbekiston ko`plab boshqa millat vakillari qatori ijodkorlarni ham bag`riga olgandi. Mashhur rus shoirasi Anna Axmatova qo`shnimiz edi. So`ng Chilonzor ko`chasidagi kinematograflar uchun qurilgan uyga ko`chib o`tganmiz. O`qishni 163-maktabda davom ettirganman. 

Yana bir qiziq holat: 1961-yil Yuriy Gagarin fazoga uchganida bolalarcha dunyoqarash bilan “Rejissyor bo`lishni istamayman, albatta, fazogir bo`laman!” deb niyat qilgandim. Adabiyotga mehrim bo`lakchaligi bois shu fandan a`lo bahoga o`qirdim. Qolgan fanlardan o`zlashtirishim ko`ngildagidek emasdi. Ochig`i, darsdan qochib, avvalgi “Chayka” kinoteatriga kino ko`rgani borardim (kuladi). 

Esimni tanibmanki, atrofimda teatr, kino, aktyorlar bo`lgan. Bu ijodiy muhit kelajakda qaysi sohani tanlashimga ham ta`sir ko`rsatgani tabiiy. Tog`alarim ham mashhur rejissyorlar Albert va Eduard Xachaturov. Bolaligimdan otamning yonida yurib, kichik-kichik epizodlarda suratga tushardim. “Olmaning tagiga olma tushadi”, deganlari rost ekan. 

“Moskva teatrida ishlashni istamaganman”

- 1970 yil Moskvadagi Lunacharskiy nomidagi teatr san`ati institutining rejissura fakultetiga o`qishga kirganman. Andrey Goncharov, Iosif Tumanov, Yuriy Lyubimov kabi mashhur ustozlarning qo`lida ta`lim olganman. Bular urush vaqtida Toshkentda yashagani uchun meni xuddi qadrdon insonidek qabul qilishgan. Qolaversa, teatr va kinoaktrisasi Faina Ranevskaya bilan yaqindan tanish edik, uyiga tez-tez borardim. Atrofimda faqat buyuk ijodkorlarni ko`rardim. Ular ko`ksimdan itarmay, teatr va kino san`atining “alifbo”sini o`rgatishdan erinishmasdi. O`z ishining ustalari bo`lgan aktyorlar bilan muloqotim aktyorlik qirralarimni ham ochilishiga turtki bo`lgan bo`lsa ajabmas. 

Institutni tamomlashim arafasida katta-katta asarlardagi hamma bosh rollarni o`ynashga ulgurgandim. Aleksandr Abdulov, Alla Pugacheva kabi ijodkorlar bilan birga tahsil olganman, bir-birimiz bilan do`st bo`lganmiz. Keyinchalik kursdoshlarimning bari mashhur san`atkor darajasiga etishdi. 

Sira yodimdan chiqmaydi, men bilan tahsil olgan bir aktrisa Moskvaning badiiy akademik teatriga ishga kirish uchun sinov topshiradigan bo`lgan. Shunda u “Nozim, partnyorim bo`lib rol ijro etib ber, teatrga ishga kirmoqchi edim”, deb qoldi, rad etmadim. Sinovning javobi chiqqach, hay`at a`zolari o`sha aktrisaga qarab, “Sizni ishga olmaymiz, lekin birga rol ijro etgan partnyoringizni teatrda olib qolamiz”, desa bo`ladimi. Bu xabardan aktrisa o`zini yo`qotib qo`ygandi (kuladi). Menga esa tezroq ona yurtimga qaytib, o`sha erda ijod qilish istagi tinchlik bermasdi. 1975 yili institutni tamomlab, Toshkentga qaytgach, bir yillik harbiy xizmatga jo`naganman. Ijodkor bo`lganim uchun “Harbiy hayotni tasmaga muhrlaydigan rejissyor kerak edi, ayni muddao”, deb meni harbiy kinostudiyaga ishga qo`yishgan. Oq-qora suratga oladigan kameram bor edi. Mashhur insonlar tez-tez tashrif buyurib turishardi. Bokschi Muhammad Ali kelgani ham yodimda (kuladi). Aytmoqchimanki, harbiy xizmatda o`tgan yillarim ham ijod jarayonida kechgan, bu mening – omadim. Qaytgach, yarim yil ishsiz yurganman.

“Shaxzoda Charlz multfilmingni sotib olaman degan”

Kunlarning birida Multbirlashmaning direktori “Multfilm suratga olsang-chi. O`n daqiqalik bo`lsa-da, mehnati bir yarim soatlik badiiy filmga sarflanadigan vaqtni talab qiladi”, deb qoldi. Shunda o`zimga o`zim “Qachongacha boshqalarga ikkinchi rejissyor bo`lib, ularning chizgan chizig`idan chiqmay yuraman?” deb savol berdim. Va o`zimga xon, o`zimga bek bo`lish maqsadida multfilm suratga olishga kirishib ketdim. Ilk ishim - “Sahrodagi ko`l” multfilmim Portugaliyada sovrinlar bilan taqdirlangan. Lekin bu yo`nalish meni o`ziga rom qilib olsa, badiiy film rejissyori bo`lish orzuim sarob bo`lib qoladimi, degan qo`rquv qamrab olgan. Avvallari badiiy film ishlashga ruxsat olish uchun uzoq yillar ikkinchi rejissyor bo`lib ishlab, tajriba yig`ish shart edi. O`ylab-o`ylab mayli, multfilm yo`nalishida yana bir yil ishlaychi, bu ham tajriba-ku, deb yurgan kunlarimning biri – 1983 yili rossiyalik multiplikator, rejissyor, “Vinni-Pux” multfilmi asoschisi Fyodor Xitruk bilan uchrashib qolganmiz va “Mustaqil ish qilmoqchiman!” deganman, aslida bunga tayyor emasdim (kuladi). Doimgi “Yo`q!” degan javobni eshitaman, degan xayolda edim-da. Kutilmaganda “Mayli, qaysi asarni suratga olmoqchisan?” deganida shoshib qolib, “Rey Bredberining “Yoqimli yomg`ir yog`adi” (“Budet laskovy dojd”)sini, deganman. Va shu asar asosida ssenariy yozib, oldiga olib borganman. Ma`qullagan, va mazkur multfilmim Germaniya, Ispaniya kabi davlatlarda namoyish etilib, qator sovrinlar bilan mukofotlangan. O`sha vaqtda Londondan shahzoda Charlz kelganida bizni qabuliga chaqirishgan. Tarjimon meni shahzodaga tanishtirganida, multfilmim haqida iliq fikrlar bildirib, “2 yil London televideniesida namoyish etilishi uchun multfilmingizni sotib oldim”, degandi.

“56 yoshimda aktyor sifatida tanildim”

— Aktyorlikka kirib kelishim ham qiziq bo`lgan. Tog`am Albert Xachaturov Aleksandr Faynbergning “Mening katta akam” asarini suratga olayotganida aktyor Murod Rajabov qahramonining ukasini o`ynaydigan aktyor topolmagan. Va “Meni Moskva teatrida ishga olib qolishmoqchi edi”, deb maqtanganmiding? Qani uka rolini qoyillatib ko`r-chi”, deb qoldi. Ijroim ko`ngildagidek chiqib, iliq fikrlar eshitganman. Shundan so`ng “Sevgi va qahr” (“Lyubov i Yarost”), “Sevgi burji” (“Sozvezdie lyubvi”) kabi qator filmlarda suratga tushdim. Rejissyor Ravil Botirovning filmi orqali rossiyalik teatr va kinoaktyori Mixail Kononov bilan do`stlashib qolgandim. Yoshligimdan qator filmlarda rol o`ynaganimga qaramay, aktyor sifatida 2007 yil suratga olingan rejissyor Ayub Shahobiddinovning “O`tov” filmi orqali kashf etildim. Unga qadar “Qarib qoldim, endi rejissyorlar rol berishmaydi, aktyor sifatida hech kimga kerak emasman”, degan fikrda edim. “O`tov”dagi rolimga juda mashhur aktyorlarni kinosinovdan o`tkazishgan, lekin Ayub menda to`xtalgan. Shunda “Xato qilyapsan!” deganman. Suratga olishga Boysunga borganmiz, yashashga sharoit bo`lmagani uchun o`sha kuniyoq Toshkentga qaytganman. Bir oydan keyin Ayubni ko`chada ko`rib qoldim. Ajablanib “Boysunda bo`lishing kerak-ku?” desam, “Sizsiz filmni suratga olmayman!” degan. Vijdonim qiynalganidan “Ertaga Boysunga uchamiz!” deganman, film shu tariqa suratga olingan.  

“Aktyorlarga juda kam haq berishadi”

— Ijod “qozon”ida qaynaganim uchun yutuq-kamchiliklar kishini doim o`ylantirar ekan. Moskvadagi ba`zi aktyorlar o`zbek hamkasblarining ijrosini ko`rib, “Ularning epizodik rollarni o`ynayotganini ko`rib, o`zimizdan uyalamiz”, degandi. Haqiqatda, Rossiya filmlaridagi bosh qahramonlarni ijro etayotgan aktyorlar ijrosini ko`rib, hafsalang pir bo`ladi. Tan olish kerak, bugunga kelib, o`zimizda ham chiroyli tashqi ko`rinish bilangina mashhur bo`layotgan “aktyor”lar kam emas. Lekin ikki-uch yildan keyin ulardan nom-nishon ham qolmaydi. Biz aktyorlar rejissyorga emas, ssenariyga qarammiz. Iqtidorimizni ochib beradigan ssenariylar kutib yashaymiz. Dramaturgiya oqsagani bois, taklif qilinayotgan filmlardan bosh tortishga majbur bo`lamiz. Nasib bo`lsa, hali uzoq yashash niyatim bor. Va o`zim hurmat qiladigan rejissyorlardan “yuk”i bor rollarni kutaman. Aktyor Mixail Kononov bilan suhbatlarimizdan birida “Nozim, mening omadim – zo`r ssenariylarga duch kelganim. Yo`qsa, birgina iste`dodli rejissyor va “yuk”i yo`q ssenariy bilan o`rtamiyona aktyor bo`lib qolgan bo`lardim”, degandi. Haq gap! Shukr, Otabek Musaev maxsus kurs tashkil qilib, dramaturglarni ko`payishiga umid bog`lagan. Yana bir muammo: aktyorlarga juda kam haq berishadi. Bosh rol ijrochisi filmning assistentidan uch barobar kam gonorar oladi. Ko`pchilik aktyorlarning xususiy filmda ishtirok etish uchun yugurishi sababi ham shunda. Chet eldagi aktyorlardek “Vannaxonam oq rang, yostig`im ko`k rang bo`lsin!” kabi katta-katta talablar qo`ymaymiz. Aktyorning mehnati og`irligini tushunish kerak. O`ylamang, injiqlik, erkalik emas bu, shunchaki aktyorlar ta`sirchan “xalq”. Masalan, “Ilova” filmida tog`li hudud bo`lishiga qaramay, suratga olishdan so`ng yuvinsa bo`ladigan sharoit qilib berishgan. Yodimda, Sankt-Peterburgda bir serialda suratga tushganimda 40 daraja sovuqda ishlaganimiz etmagandek, meni qorga ko`mishgan. Aktyor sog`ligini xavfga qo`yib, o`zini ming ko`yga soladi, axir. Bizning kasbimiz hayotiy xavfliligi jihatidan uchuvchilardan keyin ikkinchi o`rinda turadi. Otabek Musaev «O`zbekkino» Milliy aegntligi rahbari bo`lgach, barcha muammolarni to`kib-sochdik. Otabek Musaev ishni mening ikkinchi uyimdek bo`lib qolgan O`zbekfilmni ta`mirlashdan boshladi. Bu erdagi o`zgarishlar ijodkorning jo`shib ishlashiga ilhom beryapti. Qolgan barcha muammolarni ham hal qilishga kirishgan, bundan xursandmiz, albatta.

“O`zbek tilini tushunmaganimdan ruscha gapiraman”

— Muxlislar uchun haligacha Bo`rivoy akaman. “Yaratganga shukur” filmidagi qahramonimning ismi bilan chaqirishadi. (Norozi ohangda) “Ismim Nozim”, desam ham “Yo`q, Bo`rivoy akasiz!” deyishadi (kuladi). Muxlislar o`zbek tilida gapirishganida ruscha javob qaytarsam, gohida mendan xafa bo`lishadi. Aslida o`zbek tilini tushunmaganimdan ruscha gapiraman. Bu borada juda qiynalaman. Bog`chadan to oliy ta`limgacha rus tilida o`qiganim, atrofimdagi do`stlarim rus bo`lgani bois ham o`zbek tilini o`rganolmaganman. Lekin onam arman millatiga mansub bo`lsa-da, o`zbek tilida sof so`zlardi, o`zbeklar yashaydigan Taxtapul mahallasida katta bo`lgan. Muxlislar “Filmlarda o`zbekcha gapirasiz-ku!” deyishadi. Rollarimga iste`dodli aktyor Baxtiyor Qosimov va gohida Elyor Nosirov ovoz berishadi. Baxtiyor Qosimovning ovozi shu qadar mos tushganidan, tomoshabin meni ovozimdek qabul qiladi. Yana bir holatga e`tibor berganman: “O`tov”, “Ilova”, “Yaratganga shukur”, “O`yin” filmlari, “Jiyda guli” serialidagi rollarimni xush ko`risharkan. Yoshligimdan aktyor bo`lib tanilmaganimdan xafa bo`lardim. O`ylab qarasam, yoshim ulg`aygach aktyor sifatida kashf etilganimdan xursandman. Chunki hozirgi yoshimda sevimliman. Yosh aktyorlarga maslaxatim: haqiqiy aktyor bo`lishni istashsa, o`zini filmdan filmga urib, katta gonorar talab qilishdan tiyilishsin. Yo`qsa, ertaga hech kimga kerak bo`lmay qolasiz. Birgina armonim otam 1990 yil vafot etib, aktyor sifatida yutuqlarga yurishganimni ko`rolmadi. Muhimi, otamning orzularini amalga oshira oldim. Ota-onam oilani muqaddas bilardi. Bir-birini qattiq sevgani bois onam padarimdan so`ng yasholmadi, 1992 yil vafot etdi...    

“Bu rishta uzoqqa bormasligini bilardim”

— Ishni shaxsiy hayotimdan ustun qo`yganim bois balki hozir yolg`izdirman. Sevgi meni chetlab o`tgan, deyolmayman. Haqiqiy muhabbatni maktab davrlarimda his qilganman. O`shanda sevgan insonim uchun hamma narsaga tayyor edim. Biroq kino meni butunlay o`ziga rom etib oldi. Bir safar uchrashuvga chiqishim kerak edi. Kutilmaganda filmga chaqirib qolishdi, qizga qo`ng`iroq qilib, borolmasligimni aytdim va u xafa bo`lib go`shakni qo`ydi. Lekin o`zimni aybdor his qilmaganman. Chunki ijod – hayotim mazmuni! 1998 yili bir tadbirda bir ayol bilan tanishib, do`stlashib qolgandik. Uning ota-onasi oila qurishimizga qarshi edi. Oradan vaqt o`tib, rozilik bildirishdi. Vaholanki, bu rishta uzoqqa bormasligini bilardim, o`n yil birga yashadik. Taqdirimdan norozi emasman, umrimni san`atga bag`ishlaganman!   

Sadoqat Allaberganova tayyorladi

Sharhlar

Ayni damda “Kinochilar uyi”da “Oltin Humo” milliy kinotaqdimoti boshlanish arafasida

22.12.2021, 17:56

Bugun, 22 dekabr kuni Kinochilar uyida O`zbekiston Kinematografiya agentligi, O`zbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi tomonidan an`anaviy “Oltin Humo” milliy kinotaqdimoti bo`lib o`tadi. Bu haqda "Darakchi.uz" muxbiri...
Fransiya: Endi kinolarga ham maxsus yo`llanma bilan kiritiladi

21.07.2021, 17:46

Fransiyadagi madaniy va ko`ngilochar joylar endi faqat raqamli vaksina olganlik haqidagi maxsus pasport egalari uchun  ochiqdir, bu Prezident Makron tomonidan mamlakatda universal emlashni ta`minlashga qaratilgan...
Erkin Vohidov hayoti va ijodiga bag`ishlangan “Tirik sayyora” hujjatli filmining suratga olish ishlari boshlandi

27.04.2021, 16:34

“Tirik sayyora” hujjatli filmi Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan “Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi” DUK tomonidan tasvirga olinmoqda. Poytaxtimizda qad ko`targan Adiblar xiyobonida haykallari o`rnatilgan shoir...
Yangi film — Anjelina Joli yovuz malika rolida (foto va video)

03.12.2020, 20:22

"Piter Pen va Alisiya mo``jizalar mamlakatida" (Qaytish) filmining suratga olish ishlari ikki yil oldin tugaganligiga qaramay namoyish etilmayotgan edi. Sababi shu vaqt ichida Brend Chepman...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1