Zafar va Karim otda Abror Mamedovning fermer xo`jaligi tomon borisharkan, tepalik yaqinida erda cho`zilib yotgan odam gavdasiga duch kelib sergak tortishdi. Erdagi odamning qo`llari bog`lab tashlangan, og`ziga latta tiqib ketilgandi.
Bu odam Abrorning xo`jaligida ishlaydigan cho`pon Jabbor Malikov bo`lib chiqdi. Darrov yigitlar otdan tushib, uning qo`llarini echishdi., og`zidagi tiqinni olib tashlashdi. Jabbor arang nafas olar, iyagi bilan o`tov tikilgan yaylovga imo qilardi.
- Uning qop-qora soqoli bor. U... u Qosimni ham, bolalarini ham o`ldirdi. Meni esa...
Yo`lovchilar shosha-pisha u ko`rsatgan tarafga yo`l olishdi va dahshatli manzaraning ustidan chiqishdi. Ko`p o`tmay hodisa joyiga huquq-tartibot idoralari xodimlari etib kelishdi.
Bekorchidan Xudo bezor
...Qo`lida biror hunarning tayini bo`lmagan Jabbor avval duch kelgan ishda ishlab yurdi. Oxirgi ish joyi –choyoxona yopilib ketgach, ko`chada qoldi. Kunlarning birida qo`shnisi Salim akaning yordami bilan fermer xo`jaligida ishga joylashdi.
Shu tariqa u cho`ponlik qila boshladi. Albatta oylik o`ziga yarasha, cho`ntak xarajatlarini arang qoplardi. Otarda undan tashqvari yana bir cho`pon bor: Qosim yozda to`rtta bolasi bilan shu yaylovga o`tov qurib, ko`chib kelgan.
Ish bor joyda kelishmovchiliklar ham bo`lib turadi. Gohida Qosimning xiyla erinchoqligi, o`z ishini ham sherigigi oshirishi ba`zidan o`ta darajada jahlini chiqarardi. Oralarida g`idi-bidi ham shundan kelib chiqardi.
O`sha kuni ertalab Qosim sherigini barvqaqt uyg`otib, poda boqishga jo`natdi. O`zi esa, o`tovda oilasining yonida qoldi. Bu esa, Jabborning hamiyatiga tegdi...
Qasos o`ti
O`sha ertalab Qosimning ayoli Saodat katta qizi Shoira bilan shaharga tushib ketishgan, to`yga kerakli narsalarni xarid qilish lozim edi. Qosim ertalab turishi bilan qo`ylardan xabar olish uchun jo`nadi. Qo`ylar har yoqqa tarqab ketgan, cho`ponning qorasi ko`rinmasdi. Qosim biror kor-hol yuz berdimikin, degan xavotirda yon-atrofni ko`zdan chaqirdi. Bor ovozi bilan Jabborni chaqirdi. Shu payt cho`ponlar dam olishi uchun tikib qo`yilgan chayladana uyqusiragancha Jabbor chiqib keldi.
- Tuni bilan uxlaganing etmadimi? – unga o`shqira ketdi Qosim. – Podaga kim qaraydi? Qo`ylardan bittasi yo`qolsa, qanchaga tushishimizni bilasanmi? Seni deb men ham javob berishimga to`g`ri keladi. Qanaqa takasaltang odamsan?
- Namuncha baqirasan? – ichidagi alamini to`kib soldi Jabbor. – Osmon qo`lingda bo`lsa tashlab yubor!
- Hali xo`jayin kelsin, aytib, seni ishdan haydataman. Bunqa yalqov, tekinxo`rni boqishning nima keragi bor?
Bu gap Jabborning to`lib turgan sabr kosasi uchun so`nggi tomchi edi. Butun vujudini bosib kelgan g`azabni arang jilovladi. “Hali bugaping uchun javob berasan!”
...Qosh qoraygan mahalda Jabbor raqibidan o`ch olish uchung o`tovi tarafga yo`l oldi. O`tovdan Qosimning farzandlari Ravshan, Mohira va Malikaning sho`x-sho`odon ovozlari etishitib turardi. Jabbor o`zini panaga oldi va oila a`zolarining uyquga ketishini kuta boshladi.
Qotillik
Qosim kechki ovqatni bolalari bilan eb bo`lgach, qo`radan birrov xabar olib qaytdi va dam olgani o`toviga kirib keldi. Saodat shu kuni katta qizi bilan shahardagi qarindoshlarinikida yotib qolgandi. Tongga yaqin hamma dong qotib yotgan mahalda Jabbor o`tovdan ichkari kirdi va mast uyqudagi Qosimning bo`yniga o`zi bilan olib kirgan pichoqni sanchdi. Sho`rlik Qosim uyqusidayoq jon taslim qildi. Ishini bitirib, o`tovdan chiqayotgan Jabbor bilmasdan ostona oldida yotgan Malikaning oyog`ini bosib oldi. Qizcha sapchib uyg`ondi va tepasida qo`lida pichoq ushlab turgan Jabborni, qonga belanib yotgan otasini ko`rib, dod soldi.
Jabbor butkul aqlini yo`qotgandi. Qilmishi fosh bo`lishidan qo`rqib, bechora qizchaga ham bir necha pichoq sanchdi. Undan keyin uyg`onib, bu dahshatga guvoh bo`lgan Mohirani, tashqaridan mol sog`ib o`tovga qaytayotgan Ravshanni ham shu taxlit vahshiyona o`ldirdi. Keyin o`z o`toviga qaytib, yuz bergan vahshiylikning mohiyati haqida o`ylay boshladi. U bir kishidan qasos olmoqchi edi. To`rt kishining umriga zomin bo`ldi. Endi nima qiladi? Balki biror hiyla o`ylab topar?
O`xshamagan bahona
U avval jinoyat quroli – pichoqni xo`jalik hududidan oqib o`tuvchi ariqqa uloqtirdi. Keyin voqea joyidan ancha uzoqdagi tepalik oldiga bordi-da, o`zi bilan opchiqqan arqonga qo`l-yog`ini chandib, og`ziga latta tiqib, erga yotib oldi va o`tkinchi “guvohlar”ni kuta boshladi.
Karim bilan Zafarga ham, huquq-tartibot organlariga ham o`zi to`qigan yolg`onni aytib berdi. Ammo, bu “cho`pchak” tezkor guruh xodimlariga shubha uyg`otdi. Chunki, bu yaqin orada “qora soqolli” odani hech kim ko`rmagan. Hatto bolaldarga ham shafqat qilmagan qotil nega “guvoh”ga qo`l tekkizmadi? Shu kabi o`nlab savollar ortidan haqiqat oydinlashdi. Aniq dalillar qarshisida Jabbor nihoyat aybini tan oldi....
...Sud hukmiga binoan Jabbor Malikov o`ta xavfli jinoyatchi deb topildi va qat`iy tartibli koloniyada umrbod qamoq jazosiga mahkum etildi.
Xurshid Erkinov,
O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi boshqarma prokurori,
O.Fozilova, jurnalist