AsosiyJamiyat

Oqsil kasalligiga qarshi emlangan hayvonlarda immunitet davomiyligini o`rganish bo`yicha hududlarda seromonitoring o`tkazilmoqda

'Oqsil kasalligiga qarshi emlangan hayvonlarda immunitet davomiyligini o`rganish bo`yicha hududlarda seromonitoring o`tkazilmoqda'ning rasmi

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish Davlat qo`mitasining ko`rsatmasiga asosan, respublika hududida epizootiyaga qarshi amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlar sifatini baholash maqsadida oqsil kasalligiga qarshi emlangan hayvonlarda immunitetni davomiyligini o`rganish bo`yicha seromonitoring tadbirlari o`tkazildi.  

Shu jumladan, Respublika hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi Davlat markazida Veterinariya ilmiy-tadqiqoti instituti ilmiy izlanuvchisi M.Eranov hamda Xududiy tashxis laboratoriya mutaxassislari (RDL) hamkorligida Immuno ferment tahlillari o`tkazilgan.  

Natijada Qashqadaryo, Farg`ona, Toshkent, va Xorazm viloyatlarida 2020-2021 yillarning qishki – bahorgi mavsumida oqsilga qarshi 3-valentli emlama bilan emlangan qoramollarda immunitet darajasi va davomiyligi o`rganilgan. Shu jumladan, oqsilning A, O, Osiyo-1 serotiplariga qarshi paydo bo`lgan immunitet darajasi, aholi va fermerlarning hayvonlaridagi immunitet davomiyligi, hayvonlar yoshiga nisbatan immunitet farqi va boshqa omillar o`zaro taqqoslanib, tahlil etilgan.

Bundan tashqari hayvonlar qon zardobida oqsilning A, O, Osiyo-1 serotiplariga qarshi antitelani aniqlovchi IFT to`plamlari turli mezonlar  asosida o`zaro solishtirilgan va amaliyotda taqqoslangan.

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish Davlat qo`mitasining qayd etishicha, mazkur laboratoriya tahlillaridan asosiy maqsad olingan natijalar asosida kelgusida O`zbekistonda oqsilga qarshi profilaktik emlash tadbirlarini rejalash, amalga oshirish, sifatini baholash va laboratoriya tahlillarini o`tkazish kabi kompleks tadbirlarni yanada takomillashtirish va samaradorligini oshirishdan iborat.

Boshqa yangiliklar