AsosiyJamiyat

Fan, ta`lim va sog`liqni saqlash masalalari qo`mitasi majlisida qanday masalalar ko`rildi?

'Fan, ta`lim va sog`liqni saqlash masalalari qo`mitasi majlisida qanday masalalar ko`rildi?'ning rasmi

27 sentyabr kuni Oliy Majlis Senati Fan, ta`lim va sog`liqni saqlash masalalari qo`mitasining majlisi o`tkazildi. Unda senatorlar, Qo`mita ekspert guruhi a`zolari, Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari doimiy komissiya raislari, vazirlik va idoralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Majlisda Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida ko`rib chiqilishi nazarda tutilgan masalalar, xususan, “Narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarning huquqlarini himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish haqida”gi Qonun dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, uni ishlab chiqishda chuqur tahlillar olib borilmaganligi, huquqni qo`llash amaliyoti, O`zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi va boshqa milliy qonunchilik hujjatlari hamda xalqaro huquqning umume`tirof etilgan normalari o`rganib chiqilmaganligi aniqlandi.

Qolaversa, Qonunga kiritilayotgan yangi “g`ayriixtiyoriy davolash” to`g`risidagi normaning mazmun-mohiyati ochib berilmagan hamda majburiy davolash tushunchasi o`rtasidagi farqli jihatlari yoritilmay qolgan.

Bundan tashqari, hujjatda Fuqarolik prosessual kodeksiga kiritilayotgan o`zgartish va qo`shimchalarda shaxsni g`ayriixtiyoriy tartibda yotqizish bo`yicha sudga ariza berish vakolati faqatgina ichki ishlar organlariga berilgani aytiladi. Ushbu fuqarolik prosessual kodeksida belgilangan alohida tartibda ko`rib chiqiladigan ishlarda ichki ishlar organlari taraf sifatida qayd etilmagan.

Shu bois, Qo`mita tomonidan mazkur hujjatni rad etish yuzasidan Senat yalpi majlisiga xulosa kiritilishi haqida takliflar bildirildi.

Shuningdek, majlisda Vazirlar Mahkamasining O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2021 yil birinchi yarim yilligi yakunlari bo`yicha hisoboti ko`rib chiqildi.

Muhokama jarayonida Davlat byudjetining ijrosi yuzasidan maktabgacha ta`lim, xalq ta`limi, oliy va o`rta maxsus ta`lim, sog`liqni saqlash va innovasion rivojlanish vazirliklari mutasaddilarining axboroti eshitildi.

Kun tartibidagi masalalar yuzasidan Qo`mitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.

    Boshqa yangiliklar