"Yulduzcha" bolalar musiqiy televizion tanloviga hujjatlar 20 mayga qadar qabul qilinadi.
Ushbu tanlov “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, Yoshlar tashabbuslari markazi hamda O`zbekiston milliy teleradiokompaniyasi tomonidan tashkil etilmoqda, bu haqda Yoshlar tashabbuslari markazi matbuot xizmati xabar beradi.
Tanlovning asosiy maqsadi - mamlakatimizning turli hududlarida istiqomat qilayotgan iqtidorli bolalarni kashf etish, san`at sohasida o`z imkoniyatlarini namoyon etishlari uchun ularga shart-sharoitlarni yaratib berishga qaratilgan.
Tanlov uch yo`nalishda amalga oshiriladi:
-an`anaviy ijro;
-akademik ijro;
-estrada;
Tanlovda 6 yoshdan 14 yoshgacha bo`lgan bolalar ishtirok etadilar. Loyihada ishtirok etish istagida bo`lgan bolalar o`z hujjatlarini (ishtirokchi anketasi) joriy yilning 20 mayiga qadar “Yoshlar ijod saroyida” joylashgan Yoshlar tashabbuslari markaziga topshirishlari yoki www.ovoz.uz saytida elektron tarzda to`ldirishlari shart.
Tanlov bir necha bosqichlardan iborat bo`ladi:
-saralash bosqichi;
-yarim final;
-final;
Tanlov jarayoni O`zbekiston milliy teleradiokompaniyasining “Navo” hamda “Bolajon” telekanallarida efirga o`zatilishi rejalashtirilgan. Tanlovning hakamlar hay`ati hamda murabbiylari jamoatchilik orasida katta obruga ega bo`lgan san`at va madaniyat arboblari, estradamizning yorqin yulduzlaridan tashkil etiladi.
Tanlov yakunlariga ko`ra har bir nominasiyada g`oliblar aniqlanadi va taqdirlanadilar.
“Yulduzcha” bolalar televizion tanlovi bu – birinchi navbatda, kichik “Yulduzcha”larga katta sahnaga qadam qo`yishlari uchun ijodiy maydondir.
Tanlov keng jamoatchilik uchun ochiq bo`lib, saralash jarayonlarining borishi, yo`nalishlar bo`yicha ishtirokchilarning ijodiy chiqishlari tomoshabin va tinglovchilar tomonidan kuzatilib borilishi mumkin.





