AsosiyJamiyat

Kelgusi besh yilda Andijonni rivojlantirish uchun davlat byudjetidan 40 trillion so`m ajratiladi – Shavkat Mirziyoev

'Kelgusi besh yilda Andijonni rivojlantirish uchun davlat byudjetidan 40 trillion so`m ajratiladi – Shavkat Mirziyoev'ning rasmi

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoev 29 sentyabr kuni Andijon viloyati saylovchilari bilan uchrashdi. 

Uchrashuvni nomzodning Andijon viloyati bo`yicha ishonchli vakili O`.Oxunov ochdi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoev ma`ruza qilib, yig`ilganlarni o`zining saylovoldi dasturi bilan tanishtirdi. Bu dastur iqtisodiyot, tadbirkorlik, qishloq xo`jaligi, ta`lim, tibbiyot, hududlar rivoji, davlat boshqaruvi, qonun ustuvorligi, tashqi siyosat, madaniyat sohalariga oid o`nta ustuvor yo`nalishni qamrab olgan.

Nomzod bugungi kunda Andijon viloyatidagi dolzarb masalalarga to`xtalib, ularni hal etish va aholi hayotini yaxshilash bo`yicha o`z rejalarini bayon etdi.

Ta`kidlanganidek, odamlarning sog`lig`ini asrash va mustahkamlashga birinchi navbatda e`tibor qaratiladi. Kelgusi ikki yilda shahar va tumanlarda 11 ta yangi oilaviy poliklinika hamda 29 ta mahallada oilaviy shifokorlik punkti tashkil etiladi. Viloyatdagi barcha tibbiyot muassasalari to`liq ta`mirlanib, zamonaviy jihozlanadi.

Aholiga munosib yashash sharoitlari yaratish maqsadida kelgusi besh yilda viloyatda 21 ming xonadonli ko`p qavatli uylar quriladi. 5 ming kilometr elektr tarmoqlari tortilib, 2 mingta transformator o`rnatiladi. Natijada 350 mingdan ziyod aholi xonadonlari, ijtimoiy soha va tadbirkorlik ob`ektlarining elektr ta`minoti barqarorlashadi.

Nomzodning dasturida aholini ish bilan ta`minlash masalasiga alohida e`tibor qaratilgan. Kelgusi besh yilda Andijon viloyatida 420 mingta yangi ish o`rni yaratish maqsad qilib qo`yilgan.

Xususan, tadbirkorlik va hunarmandchilikni rivojlantirish orqali 170 ming aholi bandgini ta`minlash mumkinligi aytildi. Xizmat ko`rsatish sohasida 80 mingdan ziyod yangi ish o`rni yaratiladi va xizmatlar hajmi 3 barobar oshadi.

Umuman olganda, kelgusi besh yilda Andijon viloyatini iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish uchun davlat byudjetidan 40 trillion so`m ajratilishi ko`zda tutilgan.

Yana bir muhim yo`nalish investisiya va eksport salohiyatini yangi bosqichga olib chiqishdir. Shu maqsadda kelgusi besh yilda umumiy qiymati 8 milliard dollardan ziyod bo`lgan 4 ming 500 ta investisiya loyihasini amalga oshirish mo`ljallangan.

Viloyat eksporti hajmini 4 barobarga oshirib, yillik 2,5 milliard dollarga etkazish maqsad qilingan. Shuningdek, eksport tarkibida tayyor va yarim tayyor mahsulotlar ulushini 42 foizdan 76 foizga oshirish rejalashtirilgan.

Ma`ruzada qishloq xo`jaligidagi vazifalarga ham to`xtalib o`tildi. Er va suv resurslaridan unumli foydalanish orqali 80 mingta yangi ish o`rni yaratish imkoni borligi ta`kidlandi.

Ta`lim, madaniyat, sport sohalarini rivojlantirishga doir rejalar ham aytib o`tildi.

– Biz bugun qanday islohotlarni, qanday o`zgarishlar, qanday yangi loyihalarni rejalashtirayotgan bo`lmaylik, ularning barcha-barchasi yagona va ulug` bir maqsadga qaratilgan. U ham bo`lsa, inson qadrini ulug`lash, inson huquqlari va manfaatlarini ta`minlash, xalqimiz uchun munosib turmush sharoitini yaratib berish, bir so`z bilan aytganda, el duosini olib, uni rozi qilishdan iborat, – deya ta`kidladi Shavkat Mirziyoev.

Uchrashuvda partiya a`zolari so`zga chiqib, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Shavkat Mirziyoev nomzodini qo`llab-quvvatlashini bildirdi, fuqarolarni saylovda faol ishtirok etishga undadi.

    Boshqa yangiliklar