Bugungi kunda mamlakatimiz tibbiyot muassasalarida aholiga sifatli tibbiy xizmat ko`rsatish, tashxis qo`yish va davolash bo`yicha zamonaviy yuqori texnologiyali usullarni amaliyotda keng qo`llash borasida bir qator ijobiy o`zgarishlar kuzatilmoqda.
Ayniqsa, tibbiyot tizimiga telemedisina amaliyotining tatbiq etilishi natijasida aholining barcha qatlamini ixtisoslashgan tibbiy xizmat bilan qamrab olish, bemorlarga aniq tashxis qo`yish va ularni samarali davolash imkoni yaratilmoqda.
Xususan, joriy yil yurtimizdagi barcha respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari va ularning 211 ta hududiy filiallari va yo`nalish bo`yicha ilmiy-uslubiy yordam ko`rsatuvchi bo`lim va dispanserlarida telemedisina aloqasi yo`lga qo`yildi.
Bu borada raqamlarni tahlil qilsak, 2021 yilning o`tgan 9 oyi davomida telemedisina orqali 11 ming 46 marotaba onlayn maslahatlar o`tkazilib, 46 ming 153 nafar bemor konsultasiya qilindi.
Bundan tashqari,
- 3412 ta onlayn konsiliumlar;
- 493 ta seminar;
- 689 ta onlayn master klass darslari;
- 234 ta onlayn namoyishli jarrohlik amaliyotlari tashkil etildi.
Shuni ta`kidlash lozimki, telemedisina bir qator afzalliklarga ega bo`lib, u orqali bemor va shifokor o`rtasidagi masofa hamda davolash xarajatlari sezilarli darajada qisqaradi.
Shuningdek:
- mazkur amaliyot malakali shifokorlar kam bo`lgan uzoq va chekka hududlarda to`g`ri tashxisni belgilash va bemorga yuqori sifatli davolashni belgilashda muhim rol o`ynaydi;
- hududlarda kadrlar etishmovchiligi bilan bog`liq muammolarni hal etadi;
- Chet elga chiqish zaruriyatisiz masofaviy ta`lim olish va shifokorlar malakasini oshirish imkonini beradi;
- yuqumli kasalliklarni davolashda tibbiyot xodimlarining kasallikni yuqishi xavfini minimallashtiradi;
- Dunyoning istalgan nuqtasida bo`lgan mutaxassislar ishtirokida murakkab operasiyalarni amalga oshirish imkonini beradi;
- nodir kasalliklar uchun to`g`ri tashxis qo`yish va to`g`ri davolanishni belgilash imkoniyatini yaratadi.
Eslatib o`tamiz, O`zbekistonda telemedisina sohasini rivojlantirish doirasida shu yil Evropaning nufuzli Robert Kox instituti hamda Sharite klinikasi vakillaridan iborat Germaniya delegasiyasi O`zbekistonga noyob telemedisina robotini taqdim etgan edi.
Natijada Toshkent va Berlindagi shifokorlar o`rtasida to`g`ridan-to`g`ri ma`lumot almashinuvi imkoniyati yaratildi. Vaholanki, bugungi kunga qadar chet el mutaxassislari bilan videokonferensaloqa orqali bog`lanib, bemorning tahlil natijalari taqdim etilar va unga ko`ra ularda bemor to`g`risida tasavvur paydo bo`lardi.
Ayni paytda mazkur uskuna Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida foydalanilmoqda.






