AsosiyJamiyat

DXX 23 yil qidiruvda bo`lgan shaxsni qo`lga oldi

'DXX 23 yil qidiruvda bo`lgan shaxsni qo`lga oldi'ning rasmi

Bugungi kunda Davlat xavfsizlik xizmati organlari tomonidan terrorizm va ekstremizmga qarshi murosasiz kurash olib borilmoqda.

Xususan, Xizmat xodimlarining sa`y-harakati bilan «Turkiston islom harakati» («TIH») xalqaro terroristik tashkiloti a`zosi, O`zbekiston Respublikasi hududida o`ta og`ir jinoyatlar sodir etganligi sababli 23 yildan buyon qidiruvda bo`lgan «Yu.J.» xorijda ushlanib, mamlakatimizga olib kelindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar bermoqda.

1969 yil Toshkent viloyatida tug`ilgan ushbu shaxs 1998 yilning boshlarida Rossiyaning Checheniston Respublikasiga borib, iordaniyalik Amir Xattob tomonidan tashkil qilingan jangarilar lagerida maxsus tayyorgarlikdan o`tadi va o`sha yilning oxirlarida Afg`onistondagi «TIH» xalqaro terroristik tashkiloti safiga qo`shiladi.  

1999 yilning yanvar oyida tashkilot etakchilarining ko`rsatmasi bilan u aylanma yo`llar orqali Toshkent shahriga kelib, badavlat odamlarning uylarida bosqinchiliklarni amalga oshiradi hamda ularning pul va qimmatbaho buyumlarini o`zlashtirib, Afg`onistondagi «TIH» etakchilariga yuboradi.

Mazkur shaxs 1999 yilning 16 fevral va 30 mart kunlari Toshkent shahrida amalga oshirilgan qo`poruvchilik harakatlarida ham ishtirok etadi.

Shuningdek, 1998-2006 yillarda xorijiy davlatlardagi xalqaro terroristik tashkilotlar safida jangovar harakatlarda qatnashadi.

Hozirda unga nisbatan qo`zg`atilgan jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ta`kidlash lozimki, Jinoyat Kodeksining 10-moddasida nazarda tutilgan javobgarlikning muqarrarligi prinsipiga muvofiq, hech bir jinoyat jazosiz qolmaydi.  

    Boshqa yangiliklar