Bugun davom etayotgan Senatning 19-yalpi majlisida “Farzandlikka olish tartibining huquqiy asoslari takomillashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi Qonun muhokama qilindi.
Mazkur qonun bilan Oila kodeksi hamda “Vasiylik va homiylik to`g`risida”gi qonunga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.
️Endilikda qonun bilan ijtimoiy ahamiyati katta bo`lmagan, uncha og`ir bo`lmagan hamda farzandlikka olishga to`sqinlik qilmaydigan jinoyat turlarini sodir etib, jazo muddatini o`taganlarga nisbatan farzandlikka va vasiylikka olish imkoniyati yaratilyapti.
Shuningdek, bolaning eng ustuvor manfaatlarini hisobga olgan holda, farzandlikka olishga monelik qiladigan kasalliklarga chalingan shaxslar ro`yxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanishi belgilanmoqda.






