AsosiyJamiyat

Farzandlikka olish bilan bog`liq cheklovlar soddalashtirilmoqda

'Farzandlikka olish bilan bog`liq cheklovlar soddalashtirilmoqda'ning rasmi

Milliy qonunchiligimizda joriy qilingan farzandlikka olish institutidan foydalanilgan holda  2017 yilda 4 ming nafar bola sud tartibida farzandlikka olingan bo`lsa, 2018 yilda bu ko`rsatkich 4,1 mingtani, 2019 yilda esa 4,3 mingtani tashkil etgan.

Bugunga kelib  farzandlikka olish istagida navbatda turganlarning soni farzandlikka olganlarga nisbatan ancha yuqoriligicha qolmoqda. Oqibatda noqonuniy yo`llar bilan farzand asrab olish, shu jumladan, bola savdosi bilan bog`liq holatlar uchramoqda.

Shu boisdan ham “Yoshlarni qo`llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida farzandlikka olish amaliyotini o`rganish va bu bo`yicha huquqiy asoslarni qayta ko`rib chiqish belgilangan edi.

Farzandlikka olish borasidagi ishlar tahlili hamda qonunchilikda mavjud tartib-taomillar bilan bog`liq bo`shliqlarni bartaraf etish maqsadida “Farzandlikka olish tartibining huquqiy asoslari takomillashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi Qonun ishlab chiqildi.

Senatning 19-yalpi majlisida mazkur qonun senatorlar tomonidan muhokama qilindi. Mazkur qonun bilan Oila kodeksi hamda “Vasiylik va homiylik to`g`risida”gi qonunga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.

Endilikda qonun bilan ijtimoiy ahamiyati katta bo`lmagan, uncha og`ir bo`lmagan hamda farzandlikka olishga to`sqinlik qilmaydigan jinoyat turlarini sodir etib, jazo muddatini o`taganlarga nisbatan farzandlikka va vasiylikka olish imkoniyati yaratilyapti.

Bolaning eng ustuvor manfaatlarini hisobga olgan holda, farzandlikka olishga monelik qiladigan kasalliklarga chalingan shaxslar ro`yxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanishi belgilanmoqda.

Qonun avvalo jamiyatimizdagi mavjud talab va ehtiyojdan kelib chiqib tayyorlangan hamda insonparvarlik nuqtai nazaridan muhim ijtimoiy-ma`naviy ahamiyatga ega.

Umuman olganda ushbu Qonunning qabul qilinishi bilan bola huquqlarining himoya qilinishi to`laqonli ta`minlanishi va bolalarni qonunga zid ravishda farzandlikka olish, ayniqsa, bola savdosining oldini olishga erishiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma`qullandi

    Boshqa yangiliklar