AsosiyJamiyat

Olamni ilm ila obod etuvchilarga kasb bayrami muborak!

'Olamni ilm ila obod etuvchilarga kasb bayrami muborak!'ning rasmi

Dunyo yaralibdiki, inson ehtiyojlar qurshovida yashaydi. Shulardan biri bilishga, anglashga bo`lgan ehtiyoj, qiziqishlariga atrof-muhitdan kerakli ma`lumot va javobni olishga bo`lgan intilishdir. Inson busiz yashay olmaydi. Teran nigoh bilan qarasak, bu dunyoda o`rgatuvchi shaxs etakchi o`rinda ekanligini ko`ramiz. Dunyoga kelganimizdanoq ota-onamizning parvarishi, yo`l-yo`rig`i ostida hayot kechirishni boshlaymiz. Birinchi ustoz – ota-ona deyishgani bejiz emas. Maktabga qadam qo`yib, chin ma`nodagi ustozimizni topamiz. Savodsizligi qatorida o`yinqaroq bolaga xarf tanitish mehnati ko`zi ojizga ko`z nuri berish bilan teng. Yuqori sinflar, o`rta maxsus ta`lim va oliy ta`lim tizimi davom etarkan, insonning nafaqat ziyo ko`zi ochiladi, balki dunyoqarashi, fikrlash doirasi o`tkirlashib boraveradi. Tahsilni tugatib, mehnat faoliyatini boshlaganida ham u o`rganishdan chekinmaydi, har kungi ishidan bir qancha saboq chiqaradi. Umr so`ngida esa hayot maktabi ko`z o`ngida yaqqol gavdalanadi. Mashaqqatlar va quvonchlarga, sinovlar va ne`matlarga boy bu dunyo eng yaxshi muallimligi, lekin uning barcha “dars”lariga ham qunt bilan qarab kerakli saboqni chiqarmaganini anglaydi, “umr ustozi”ning unga qo`ygan “baho”si necha ekanligini ham qalban his etadi.

Ustoz zahri ota mehridan ustun. Bu hikmatli so`z fors-tojik adibi Shayx Sa`diy Sheroziyga mansub. Ustozning farzand uchun eng muhim va ulug` shaxslar hisoblanmish ota-onaga mengzash ko`p o`rinlarda uchraydi. Bu erda esa ota mehri qanchalik kuchli bo`lmasin, u to`g`ri yo`naltirilmasligi va o`rnida sarf etilmasligi mumkin, kuchli mehr bola ruhiyatiga aks ta`sir ko`rsatish extimoli bor, ustozning esa aslida salbiy tasavvur uyg`otadigan zahri ham shogirdining manfaatini ko`zlab ishlatiladi, degan ma`no anglashiladi. Darhaqiqat, qaysidir bilimimiz hayot yo`llarida asqotsa, avvalo buni o`rgatgan, ilm olishda dangasalik qilgan paytimiz dakki bergan, qattiqqo`llik ishlatgan ustozimiz yodga tushadi. Shogird ustozini kech bo`lsada, tushunib etadi. Uning oldidagi qarzini uzolmasa ham, bir umr dildan minnatdor bo`ladi. Ustoz shunday zotki, u nafaqat bilimi, pok qalbi bilan ham hayotni charog`on etadi. Ular boladek beg`ubor, onadek beminnat g`amxo`r.

Sharq madaniyatining buyuk namoyondasi Zahiriddin Muhammad Boburning quyidagi ham ma`no, ham so`z o`yini jihatidan chiroyli misralariga nazar soling:

Kim yor anga ilm, tolibi ilm kerak,
O`rgangali ilm tolibi ilm kerak!
Men tolibi ilmu tolibi ilme yo`q,
Men bormen, ilm tolibi — ilm kerak.

Shoh va shoir aytmoqchiki, bu dundagi barcha insonlarga ilm kerak, bircha ilm talabida bo`lishi lozim. U shunday yuksak bilimi bilan ham o`zini ilmsiz, lekin ilm talabida, deb hisoblamoqda.

“Beshikdan qabrgacha ilm izla”, degan purma`no so`zdan ilmga chegara yo`qligi ma`lum. Inson hayot ekan, bilim bilan yonma yon yursa, hayot yo`lini yorituvchi mash`alaga ega, go`yo. Bilim - hayot sinovlaridan yorug` yuz bilan o`tish, xatolardan saboq chiqarish, ibratli umr kechirishda eng yaxshi ko`makchi.

O`qituvchilik insonning ong olami bilan ishlovchi, ta`lim va tarbiyadek Abdulla Avloniyning ta`biri bilan aytganda “yo hayot, yo mamot” masalasi ko`ndalang turuvchi kasb ekan, uning egalari oldida doimo ta`zimdamiz. Kasb bayramingiz qutlug` bo`lsin! 

Bahrom ABDUHALIMOV,

“Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisi

    Boshqa yangiliklar