AsosiyJamiyat

Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirishga oid qonun senatorlar tomonidan ma`qullandi

'Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirishga oid qonun senatorlar tomonidan ma`qullandi'ning rasmi

“O`zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi Qonun Oliy Majlis Senatida ma`qullandi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar bermoqda

Qonun bilan, 1ta kodeks hamda 9 ta qonunga, xususan “Prokuratura to`g`risida”gi, “O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to`g`risida”gi, “O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti to`g`risida”gi, “Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi Konvensiyasiga (Nyu-York, 2003yil 31 oktyabr) O`zbekiston Respublikasining qo`shilishi to`g`risida”gi, “Jinoyat ishini yuritish chog`ida qamoqda saqlash to`g`risida”gi, “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to`g`risida”gi, “Parlament nazorati to`g`risida”gi, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to`g`risida”gi hamda “Ma`muriy qamoqni o`tash tartibi to`g`risida”gi qonunlar, shuningdek, Jinoyat-ijroiya kodeksiga o`zgartish va qo`shimchalar kiritilmoqda.

Mazkur o`zgartish va qo`shimchalar, jumladan quyidagilarni nazarda tutadi:

Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to`g`risida axborot berayotgan shaxslarni rag`batlantirish O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshirilishi;

Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to`g`risida axborot bergan shaxslarga oid ma`lumotlarning sir saqlanishi, o`zining va yaqin qarindoshlarining sog`lig`i, hayoti hamda mol-mulkini ijtimoiy-huquqiy himoya qilish davlat tomonidan kafolatlanishi;

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimlariga korrupsiyaning sabab va shart-sharoitlarini o`rganish hamda tahlil qilish maqsadida ushlab turiish va qamoqda saqlash joylari, jazoni ijro etish muassasalariga moneliksiz kirish va hujjatlar bilan tanishish huquqi berilishi;

Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to`g`risida axborot berayotgan shaxslarga va ularning yaqin qarindoshlariga ularning korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to`g`risida axborot taqdim etganligi tufayli tajovuz qilish, shuningdek ish beruvchi tomonidan ta`qib etilishi, asossiz ishdan bo`shatish, boshqa ishga o`tkazish, attestasiyadan o`tkazish, ish sharoitlarini o`zgartirish, yuqori lavozimga taynlashni rad qilish, ish haqini qisqartirish qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlikka sabab bo`lishi;

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga ijro hokimiyati va xo`jalik boshqaruvi organlari hamda ularning mansabdor shaxslari qarorlarida korrupsiya belgilari aniqlangan hollarda ularning ijrosini to`xtatish yoki bekor qilish to`g`risida kshrib chiqilishi majburiy bo`lgan taqdimnomalar kiritish vakolati berilishi;

Agentlik byudjet mablag`larining sarflanishi, davlat aktivlarining realizasiya qilinishi, davlat xaridlari, davlat qarzlarining sarflanishi, investisiya loyihalarining amalga oshirilishi va davlat dasturlari bajarilishi bilan bog`liq huquqbuzarliklarning oldini olishi;

Fuqarolik jamiyati institutlari bilan birgalikda hududlar, iqtisodiyot tarmoqlari va boshqa sohalar kesimida korrupsiyaning darajasini baholovchi Korrupsiyani qabul qilish milliy indeksini tuzishni tashkillash Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi zimmasiga yuklatilishi bilan bog`liq o`zgartish va qo`shimchalar taqdim etildi.

Shuningdek, qonun bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining qo`shimcha vakolatlari ham belgilanmoqda.

Qonun Prezident tomonidan imzolangandan so`ng kuchga kiradi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar