Kecha, 4 oktyabr kuni Abdulla Qodiriy nomidagi memorial muzeyda “Abdulla Qodiriy – O`zbek adabiyoti xazinasidan” mavzusidagi ma`naviy-ma`rifiy tadbir bo`lib o`tdi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi xabar berdi.
“Davlatimiz rahbari boshchiligida yurtimizda madaniy, ma`rifiy-ma`naviy merosni asrashga hamda uni o`zimizdan keyingi avlodga munosib etkazib berishga katta e`tibor qaratilmoqda, jumladan muzeylarimizga bo`lgan yondashuv tubdan o`zgarmoqda. Kuni kecha Sergey Borodin uy-muzeyidagi tadbir, bugungi Abdulla Qodiriy xotirasiga bag`ishlangan tadbir bularning bir debochasi desak to`g`ri bo`ladi. O`z o`rnida shuni ta`kidlamoqchimanki, bundan keyin barcha adiblarimizning muzeylari, shu jumladan uy-muzeylarga bo`lgan e`tibor yana-da kuchaytiriladi”,–dedi Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov.
Shu bilan birga, Aziz Abduhakimov O`zbekiston hukumati bebaho merosimizni asrash yo`lida harakat qilayotgan yoshlarni qo`llab-quvvatlashga doim tayyor ekanini ta`kidladi. Jumladan, Qodiriy ijodiga oid hujjatli film yaratilib, uning ekranlarda keng namoyish etilishi, grantlar ajratilayotgan animasion filmlarda ham Qodiriy ijodiga murojaat qilinishi haqida ma`lum qildi.
Bundan tashqari, Bosh vazir o`rinbosari Abdulla Qodiriy asarlarini yana-da ko`proq tillarga tarjima qilish, adib ijodini boshqa mamlakatlarda ham targ`ib qilish, sohaga oid ilmiy-ommabop asarlar yaratishga alohida mablag` ajratilishini qo`shimcha qildi.