“O`zko`rgazmasavdo” markazida bank texnologiyalari, asbob-uskunalari va xizmatlari “BankEXPO – 2016” milliy ko`rgazmasi boshlandi.
Tadbir O`zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar hamda Axborot va kommunikasiya texnologiyalari masalalari qo`mitalari, O`zbekiston Banklar assosiasiyasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati ko`magida tashkil etildi.
«BankExpo – 2016» ko`rgazmasida bank-moliya sektoridagi yangi texnologiya va xizmatlarni namoyish etayotgan tijorat banklari, etakchi sug`urta, lizing va investisiya kompaniyalari, moliya muassasalari uchun IT mahsulotlar ishlab chiqish bilan shug`ullanadigan kompaniyalar ishtirok etmoqda.
Ko`rgazmada tadbirkorlikni, xususan, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining biznes-rejasini qo`llab-quvvatlashda banklar bilan keng hamkorlik qilib kelayotgan O`zbekiston Savdo-sanoat palatasi, “Tadbirkor ayol”, “Hunarmand” uyushmalari va boshqa bir qator tashkilotlar o`z xizmatlarini namoyish qilmoqda. Sug`urta kompaniyalari ham zamonaviy xizmatlar taklif etilmoqda.
Ko`rgazma yakunida tijorat banklarining kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlari, yosh tadbirkorlar loyihalarini qo`llab-quvvatlash bo`yicha o`tkazilgan tanlovlar g`oliblari e`lon qilinadi. Ularga imtiyozli kredit olish uchun sertifikatlar topshiriladi.





