Milliy matbuot markazida o`tkazilgan tadbirda O`zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O`sarov yana bir jurnal qayta tiklanishini ma`lum qildi.
— "O`zbekiston matbuoti" jurnalining bugun qayta nashr etila boshlagani juda yaxshi, lekin bizda yana bir jurnal borki, u ham 2019 yilda iqtisodiy qiyinchiliklar sabab o`z faoliyatini tugatishga majbur bo`lgandi.
Bilasiz, "Mushtum"ga jadidlarimiz asos solgan. Umuman olganda bu jurnal biz uchun bir qadriyat va uni yo`qotib yuborish katta xato bo`lar edi.
Yuzlab tanqidiy maqolalar, feletonlar jamiyatni turli illatlardan tozalashda "Mushtum"ning asosiy quroli hisoblangan. Halol va oshkora tanqid jamiyat va odamlar uchun haqiqiy malham bo`lishiga erishish jurnalning bosh mezonidir.
Sizlarga xursandchilik bilan aytmoqchimanki, bugun "Mushtum" jurnalining qayta tiklanayotgan ilk sonini bosmaxonaga topshirdik. Nasib etsa, yaqin kunlarda uning ham taqdimotini o`tkazamiz", – dedi O`sarov.






