AsosiySiyosat

O`zbekiston va Turkmaniston o`rtasidagi iqtisodiy-investision hamkorlik yangi bosqichga ko`tarilmoqda

'O`zbekiston va Turkmaniston o`rtasidagi iqtisodiy-investision hamkorlik yangi bosqichga ko`tarilmoqda'ning rasmi

Shu yilning 4-5 oktyabr kunlari Turkmaniston Respublikasi Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning O`zbekistonga rasmiy tashrifi amalga oshirildi.

Bu galgi tashrif ikki birodar xalqlarning samimiy istak va intilishlarini, o`zaro manfaatli ko`p tomonlama hamkorlik yo`lidan borish niyatini ifodalaydi. Shu bilan birgalikda, davlatlarimiz o`rtasidagi Strategik sheriklik yangi, yanada salmoqli amaliy mazmun bilan boyidi.

Muzokaralar davomida davlat rahbarlari O`zbekiston-Turkmaniston ko`p qirrali hamkorligida mavjud masalalarning butun doirasini muhokama qilib, konstruktiv siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va investisiyaviy sheriklikni kengaytirish, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga alohida e`tibor qaratdilar. Bundan tashqari xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar.

Tashrif yakunida ikki mamlakat Prezidentlarining Qo`shma bayonoti qabul qilinib, ko`p qirrali sheriklikni jadallashtirishga qaratilgan 23 hujjat va shartnomalar imzolandi.

Ta`kidlash joizki, so`nggi 4 yilda ikkitomonlama tashriflar, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar sammitlari doirasida davlatlarimiz rahbarlari 8 marotaba uchrashishdi. Bundan tashqari dolzarb ahamiyatga ega mavzular doirasida muntazam ravishda telefon orqali muzokaralar o`tkazish an`anaga aylandi. Ushbu jarayonlar, shubhasiz, tarixan shakllangan do`stlik va yaxshi qo`shnichilik rishtalari, madaniy va ma`naviy an`analar umumiyligiga asoslangan davlatlararo munosabatlarning jadal rivojlanishining yorqin dalilidir.

 

Muloqotlar asosi

 

Diplomatik aloqalar o`rnatilgan 1992 yildan buyon ikki mamlakat o`rtasida davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo darajada 250 ga yakin shartnoma hamda kelishuvlar mavjud.

Shulardan 50 tadan ortig`i (25%) so`nggi 4 yil davomida davomida imzolangan. Bu hujjatlar hamkorlikning barcha muhim yo`nalishlarini qamrab oldi hamda siyosiy, savdo-iqtisodiy va boshqa sohalarda birgalikdagi harakatlarni mustahkamlash uchun asosga aylangan.

E`tiborli jihati shundaki, o`tgan qisqa davr mobaynida ikki davlat o`rtasida strategik sherikchilik darajasiga ko`tarildi. O`zaro ishonchga asoslangan siyosiy muloqot, hamkorlikni barcha jabhalarini qamrab olgan salmoqli shartnomaviy-huquqiy baza ikki mamlakat o`rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim rol o`ynamoqda.

Xususan, so`nggi yillarda tovar aylanmasi hajmi shiddat bilan o`smoqda. Jumladan, 2017-2020 yillarda o`zaro savdo ko`rsatkichlari uch barobarga ko`payib, 527 million dollardan oshdi. Pandemiya oqibatlariga qaramay, 2021 yilning birinchi yarim yilligida o`zaro savdo aylanmasi yana 25% ortdi.

Aytish lozimki, davlat rahbarlari ushbu ko`rsatkichda to`xtab qolmaslik kerakligini alohida ta`kidlashmoqda. O`zaro savdo-sotiq jarayonini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish, jumladan, mavjud tarif va notarif to`siqlarni bekor qilish hamda ikki mamlakat bozorlariga tovarlarning kirishini soddalashtirish orqali yaqin kelajakda O`zbekiston va Turkmaniston o`rtasida savdo aylanmasi hajmini 1 mlrd dollarga etkazish bo`yicha Prezidentlar tomonidan ikki mamlakat hukumatlari oldiga vazifa qo`yildi.

Xususan, bo`lib o`tgan tashrif doirasida imzolangan Chegaraoldi savdo zonasini tashkil etish to`g`risidagi bitim, shuningdek, uchinchi mamlakatlarda kelayotgan importning o`rnini O`zbekiston va Turkmanistonda ishlab chiqarilayotgan va ikki mamlakat bozorlarida talab yuqori bo`lgan raqobatbardosh mahsulotlar bilan bosishga doir kelishuv o`zaro savdoni ko`paytirishga xizmat qiladi.

Bu borada ikki mamlakat hududlaridagi imkoniyatlarni yanada to`liq ishga solish maqsadida hamkorlikning yangi mexanizmi –  Chegaradosh viloyatlar o`rtasidagi bevosita muloqot hamda muntazam ravishda O`zbekiston va Turkmaniston hududlararo forumni o`tkazishni yo`lga qo`yish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Bu iqtisodiy hamkorlikni o`stirishning yangi drayveri bo`lib xizmat qilishi aniq. Bunday formatdagi ilk uchrashuv kelgusi yilda Xivada o`tkazishga kelishildi.

Shu o`rinda qayd etish lozimki, Turkmaniston tomonidan O`zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlariga talab yuqori. Jumladan, Turkmaniston ommaviy axborot vositali ma`lumotlariga ko`ra, tashrifga tayyorgarlik jarayonida Turkmaniston hukumati o`z korxonalaridan 307 million dollardan ortiq O`zbekiston mahsulotlarini sotib olish bo`yicha shartnomalar tuzish takliflarini bergan.

E`tiborli jihati shundaki, tashrif doirasida O`zbekiston-Turkmaniston iqtisodiy forumi bo`lib o`tdi va tomonlar o`rtasida qishloq xo`jaligi, kimyo, to`qimachilik, elektrotexnika, charm-poyabzal, oziq-ovqat va farmasevtika sanoati, vinochilik, avtomobilsozlik hamda qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida qator investisiyaviy bitimlar va savdo shartnomalari imzolandi.

 

Hamkorlikning yangi yo`nalishlari

 

O`zbekiston va Turkmaniston munosabatlarining iqtisodiy sohada rivojlanishining yana bir muhim jihati bu – samarali sanoat kooperasiyasi rivojlantirish va uzluksiz qo`shilgan qiymat zanjirlarini shakllantirishga bo`lgan qiziqishdir. So`nggi 4 yil mobaynida O`zbekistonda Turkmaniston ishtirokida tashkil etilgan qo`shma korxonalar soni 9 tadan 160 taga etdi.

Ushbu tashrif davomida sanoat kooperasiyasi va ishlab chiqarishda eng ko`p qamrovli yo`nalishlardan biri hisoblanadigan avtomobilsozlik sohasida hamkorlik yo`lga qo`yilishi bilan tarixda qoladi. Jumladan, “O`zavtosanoat” va “Turkman-Motors” o`rtasida memorandum imzolandi. Ushbu hujjatga ko`ra, “UzAuto Motors” avtomobillari Turkmanistonda yig`ilishi, hamda butlovchi qismlarini ishlab chiqarishni tashkil qilish va ularni eksport qilishni ko`zda tutilgan.

Bundan tashqari boshqa transport vositalari – yuk mashinalari, avtobuslar, qishloq xo`jaligi va tirkamalar yig`ishni yo`lga qo`yish borasida kelishuvga erishildi.

Ushbu qo`shma karxona birinchi yili 10 ming donagacha qishloq xo`jaligi texnikasi ishlab chiqarishni rejalashtirgan va kelgusi 5 yil davomida 50 ming donagacha etkazish kutilmoqda.

Eng muhi jihati shundaki, bu boradagi hamkorlik yangi ish o`rinlarini yaratish, yalpi ichki maxsulot tarkibida sanoat ulushini oshirish, eksport bozorlariga chiqish va aholini sifatli avtomobillar bilan ta`minlash imkonini beradi.

Muxtasar qilib aytganda, bugun ikki mamlakat rahbarlari ko`p tomonlama strategik sherikchilikni izchillik bilan rivojlantirish va mustahkamlash uchun qat`iy xohish, shuningdek, yangi marralarni elkama-elka turib zabt qilishga bo`lgan intilishni namoyon etmoqdalar. Shubhasiz, ikki davlat tomonidan iqtisodiy va savdo aloqalarini yaxshilash uchun amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, aholining ijtimoiy-iqtisodiy holatini yaxshilash, yangi ish o`rinlarini yaratish va milliy iqtisodiyotni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Bu esa eng avvalo, Markaziy Osiyo xalqlari, shu jumladan, qardosh o`zbek va turkman xalqlarining farovon hayot kechirishini ta`minlash maqsadida do`stona, yaqin qo`shnichilik va o`zaro manfaatli aloqalarni mustahkamlash, mintaqada tinchlik, barqarorlik va xavfsizlik muhitini shakllantirishda muhim o`ringa egadir.

 

 

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti etakchi ilmiy xodimi Allaberganov Qahramon 

    Boshqa yangiliklar