AsosiyJamiyat

"6 551 ta YTHning 1 682 tasi o`lim bilan tugagan". "Avtomaktablar soqqa qilish bilan ovora". IIV Matbuot kotibi va Allamjonov avtohalokatlar bo`yicha mulohaza yuritdi

'"6 551 ta YTHning 1 682 tasi o`lim bilan tugagan". "Avtomaktablar soqqa qilish bilan ovora". IIV Matbuot kotibi va Allamjonov avtohalokatlar bo`yicha mulohaza yuritdi'ning rasmi

Bugungi kunga qadar respublikamizda 6.551 ta yo`l transport hodisasi sodir etilgan bo`lib, ulardan 1.682 tasi o`lim bilan tugagan. Jarohat olganlar soni esa 5.920 tani tashkil etadi. Yo`l transport hodisalarining deyarli 40% tezlikni me`yoridan oshirish natijasidir.  Ushbu ma`lumotni taqdim etgan IIV Matbuot kotibi mazkur ayanchli hodisalar ortidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan o`rinsiz izohlar haqida so`z yuritdi. 

"Yuqoridagi rasmlarda o`lim bilan yakunlangan yo`l transport hodisalari tasvirlangan. Ularning barchasi tezlikni oshirish oqibati.

Ayrim ijtimoiy tarmoq faollaridan, bu mavzuda fikrlarini yozishda «adolatsizlik», «sharmandalik» kabi terminlarni ishlatishdan oldin, yaxshilab o`ylab ko`rishlarini so`raymiz.  

Yaqin kunlarda yo`l transport hodisasi oqibatida yuz bergan jurnalistning o`limi ham bizlar uchun dars bo`lishi lozim.

So`z erkinligini – so`z o`yinlariga aylantirmang", -  deydi G`iyosov.

Matbuot kotibining ma`lumotlari asosida Milliy mass-mediani qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komiljon Allamjonov ham bu borada o`z mulohazalarini bildirdi. 

"Bu o`limlar soni voqea joyida halok bo`lib, Ichki ishlar vazirligi hisobotiga kiritilgani. Yana qancha odamlar shifoxonada vafot etadi. Ularning soni va hisobini esa Sog`liqni saqlash vazirligi yuritadi. Yana minglab insonlar bir umrga nogiron bo`lib qolganini ham hisobga olsak, ahvol qay darajada dahshatligini tasavvur qilavering.

Avtomaktablar soqqa qilish bilan ovora. O`qitish tizimi butunlay ishdan chiqqan. Amaliy darslar chala-chulpa o`tiladi. Benzinga pul, darsga qatnashmaslik pul, imtihon pul. Natijada har oyda yo`lga minglab "potensial qotillar" chiqariladi. Jamoatchilikni esa asosan monopoliya tashvishga soladi. Qani bu tanqidchilar, "Avtotest"ning yo`q bo`lib ketishi tarafdorlari? "Avtotest" yo`q endi. Endi nega jimsizlar? Har holda eng kuchli va sifatli o`qitadigan maktab edi. Bozor tamoyillari va raqobat sog`lom bozorda bo`lishi kerak. Sen belgilangan soatlarni to`liq o`qitib, bir tomchi benzinni urib qolmasdan mashinada amaliy darslarni soat soatigacha o`tsangu, boshqalar nomigagina dars o`tib, arzon narx belgilab, pravani sotib o`tirsa, shumi sog`lom bozor? Monopoliya deb uvvos soldi ko`pchilik. Mana, xohlagan tashkilotga o`qitishga ruxsat berildi. Endi hammasi pul, o`qitish nol, imtihonlar pul, lekin jamoatchilik jim. Tushunmayman sababini. Xullas..."- deya yozib qoldirgan Allamjonov. 

    Boshqa yangiliklar