AsosiyJamiyat

“Murdani so`roq qilgan sudya” ishi yuzasidan ma`lumot berildi

'“Murdani so`roq qilgan sudya” ishi yuzasidan ma`lumot berildi'ning rasmi

Shu kunlarda qator internet-nashrlar, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda “murdani so`roq qilgan sudya” muhokama mavzusiga aylandi. Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati holat yuzasidan ma`lumot berdi.

Bundan bir yarim oy muqaddam OAV xodimlari bilan o`tkazilgan brifingda jurnalistlar tomonidan ayni shu masala ko`tarilganida Kengash matbuot xizmati tomonidan tegishli munosabat bildirgan bo`lsa-da, bugungi kunda holat bo`rttirilib va bir tomonlama talqin etilayotgani, bu esa jamoatchilikda turli noto`g`ri fikr, sudyalarga ishonchsizlik paydo bo`lishi ehtimolini yuzaga keltirayotgani bois yana bir ushbu mavzu yuzasidan ma`lumot berishni lozim topdi.

Haqiqatan ham, fuqaro M.Q. sudga nikohdan ajratish haqida da`vo ariza bilan 2016 yil 15 aprelda murojaat qilgan. Sud taraflarning 2 nafar voyaga etmagan farzandlari borligi, da`vogar M.Q.ning turmush o`rtog`i (eri) oilani saqlab qolish niyatida ekanligidan kelib chiqib, ularga yarashish uchun olti oy muhlat bergan. 

2016 yil 25 oktyabrida belgilangan olti oylik muddat tugaydi. 

Muddat tugagach, da`vogar M.Q. bir necha marotaba sudga chaqirilganida kelmagan, javobgar (er) esa sudga xotini bilan yarashib yashayotganliklarini bildiradi.

 2016 yilning 3 noyabr kuni fuqarolik ishlari bo`yicha Shovot tumanlararo sudining (o`sha paytdagi) raisi tomonidan mazkur fuarolik ishi yuzasidan ish yuritishni tugatish to`g`risida ajrim chiqariladi.  Ajrimda da`vogarning da`vodan voz kechganligi asos sifatida ko`rsatiladi.  

Oradan vaqt o`tib, M.Q. sud ajrimi qabul qilinishidan sanoqli kunlar avval avtohalokat oqibatida vafot etgani ma`lum bo`lishi ortidan 2018 yil 9 oktyabrda fuqarolik ishlari bo`yicha Xorazm viloyat sudi kassasiya instansiyasining ajrimi bilan nikohdan ajratish haqidagi ish da`vogar vafot etganligi munosabati bilan tugatilgan.

Ya`ni, sudya tomonidan ajrim qabul qilish paytida yo`l qo`yilgan xato yuqori sud instansiyasida bartaraf etilgan. 

“Sudlar to`g`risida”gi Qonunning 75-moddasiga ko`ra, sudyaga nisbatan intizomiy ish tegishli sudyalar malaka hay`ati tomonidan sudya ushbu Qonun 74-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan harakatlarni sodir etilgani to`g`risidagi ariza yoki xabar bo`yicha o`tkazilgan xizmat tekshiruvi natijalariga ko`ra qo`zg`atilishi mumkin.

 O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qarori bilan tasdiqlangan “Sudyalarning malaka hay`atlari to`g`risida”gi Nizomning 52-moddasiga ko`ra, sudya nojo`ya xatti-harakat qilganligi aniqlangan kundan e`tiboran (xizmat tekshiruvlariga ketgan vaqtni, sudyaning uzrli sabablarga ko`ra ishda bo`lmagan vaqtini hamda sudyalarning malaka hay`atida sudyaning intizomiy javobgarligi to`g`risidagi ishni ko`rib chiqishga ketgan vaqtni hisoblamaganda) kechi bilan bir oy ichida, ammo nojo`ya xatti-harakat sodir etilgan kundan e`tiboran olti oydan kechiktirmay intizomiy jazoga tortilishi mumkin.

Voqelik 2016 yilda yuz bergan, sudya yo`l qo`ygan xatolik jiddiy oqibat keltirib chiqarmagan, shuningdek sud ajrimiga nisbatan ikkinchi taraf tomonidan shikoyat, ariza berilmagan. 

Bugunga kelib, sudyani intizomiy javobgarlikka tortish muddati o`tib ketgani sabab sudyaga nisbatan chora ko`rish uchun huquqiy asos mavjud emas.

“Sudlar to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonunining             74-moddasi uchinchi qismiga ko`ra, sud qarorining bekor qilinishi yoki o`zgartirilishining o`zi, agarda sudya ataylab qonun buzilishiga yoki jiddiy oqibatlarga olib kelgan vijdonsizlikka yo`l qo`ymagan bo`lsa, javobgar bo`lishiga sabab bo`lmaydi

Shunga qaramay ayrim jurnalist va blogerlar tomonidan mazkur holat o`ta bo`rttirilib, sudyaga nisbatan chora ko`rilmayotganini Sudyalar oliy kengashi va Kengash rahbariyati shaxsi bilan bog`lash noto`g`ridir. 

Yuqorida aytilganidek, birinchi instansiya sudi tomonidan kamchilikka yo`l qo`yilgan va ushbu kamchilik viloyat sudi tomonidan bartaraf etilgan. Sudda ishlar bir necha instansiyalar tomonidan ko`rilishi ham qaror (hukm) chiqarishda yo`l qo`yilishi ehtimoli bo`lgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish va qonuniy, asosli va adolatli sud hujjati qabul qilinib, pirovardida, qonun ustuvorligini ta`mishlashga qaratilgan.

Sud qarorining bekor qilinishi yoki o`zgartirilishi sudyaning (agarda u ataylab qonun buzilishiga yoki jiddiy oqibatlarga olib kelgan vijdonsizlikka yo`l qo`ymagan bo`lsa) javobgarlikka sabab bo`lmasligiga oid qonun normasining tub mohiyati ham shunda.

“O`zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to`g`risida”gi Qonunga binoan, sudyalar daxlsizligi buzilishining va ularning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashuvdan samarali himoya qilish bo`yicha chora-tadbirlar ko`rish ham Kengashning asosiy vazifalaridan biridir. 

Shunday ekan, bu boradagi Kengash faoliyatini bir tomonlama talqin qilinib, go`yoki Kengash “sudyalarning advokatiga aylanib qolmoqda” mazmunidagi iddaolar ham asossizdir.

Biroq, bu – faoliyatida xato va kamchiliklarga yo`l qo`ygan sudyalar jazolanmaydi, degani emas. 

Joriy yilning to`qqiz oyida 161 nafar sudya turli darajadagi intizomiy javobgarlikka tortilganligi, 15 nafar sudya faoliyatida qo`pol qonun buzilishiga yo`l qo`yganligi sababli vakolati muddatidan ilgari tugatilib, vazifasidan ozod etilgani buning isbotidir.

 

    Boshqa yangiliklar