9-10 oktyabr kunlari Qoraqalpog`iston Respublikasi Nukus shahrida aralash jang san`ati bo`yicha Markaziy Osiyo chempionati bo`lib o`tadi. Mazkur musobaqaning faxriy mehmoni – Xalqaro aralash jang san`ati federasiyasi prezidenti Kennit Braun Markaziy Olimpiya Qo`mitasiga tashrif buyurdi.

Mehmon bugun Toshkentga keldi va tashrifini Qo`mitamizdan boshladi. Uni Rustam Shoabdurahmonov boshchiligidagi MOQ rahbariyati qarshi oldi. Shundan so`ng Qo`mita rahbariyati va Kennit Braun bir qator masalalar bo`yicha suhbatlashishdi.


“Yurtimizda Prezidentimizning jismoniy tarbiya va sog`lom turmush tarziga qaratayotgan e`tiborlari tufayli sport bilan shug`ullanuvchilar soni tobora ortib bormoqda. Xususan, aralash jang san`ati yoshlarimizning sevimli yo`nalishlaridan biri. Hamyurtlarimizning qator musobaqalarda muvaffaqiyatga erishayotganlari bunga yaqqol misol. Siz kabi martabali mehmonlarning tashrifi ushbu sportga bo`lgan qiziqishning yanada ortishiga sabab bo`ladi”, – dedi MOQ rahbari.
O`z navbatida Braun ham tashrifidan katta taassurot olganini aytib o`tdi.

“Meni mamlakatingizga taklif qilganingiz va iliq kutib olganingiz uchun tashakkur. Sport doimo mening yuragimda. O`zim sobiq dzyudochi, Olimpiada sovrindori sifatida yurtingizdagi sportga bo`lgan bunday e`tiborga yuqori baho beraman. Ishonish mumkminki, bunday ildamlik bilan mamlakatingiz kelajakda sport olamida yangi marralarni zabt etadi. Bu esa O`zbekistonni kelajakdagi yaqin hamkorlarimizdan biri sifatida ko`rishdek taassurot uyg`otmoqda”, – dedi Kennet Braun.



Suhbatdan so`ng martabali mehmon MOQning faxriy mehmonlar kitobiga o`zining dil-izhorlarini yozib qoldirdi. Yakunda unga MOQning esdalik sovg`alari topshirildi.






