"Saudiya Arabistonining Jidda shahrida bo`lib o`tayotgan og`ir atletika bo`yicha o`smirlar o`rtasidagi Jahon chempionatining kechagi bahslari vakillarimiz uchun muvaffaqiyatli kechdi",–deya xabar bermoqda Turizm va sport vazirligi.
Qizlar o`rtasida -55 kg vazn toifasida o`tkazilgan bahslarda hamyurtimiz Ozoda Hojievaning dast ko`tarish mashqidagi har uchchala urinishi ham omadli chiqdi. U dastlab 72 kg, keyin 75 kg va nihoyat so`nggi uchinchi urinishida 77 kg toshni o`ziga bo`ysundira oldi. Shunga qaramay hamyurtimiz sovrindorlar safidan chetda qoldi, u 4-o`rin bilan cheklandi. Qizig`i, dast ko`tarish mashqida 3-o`rinni egallagan AQShlik sportchi ham 77 kg natija qayd etgandi, faqat Miranda Ulrey bu og`irlikni ikkinchi urinishda o`ziga bo`ysundira olgani uchun bronza medali amerikalik sportchiga nasib etdi.
Darvoqe, norvegiyalik Ronya Levnik ham dast ko`tarishda 77 kg natija qayd etdi va u 5-o`rinni egalladi. Ikkinchi o`rindagi Meksika vakilasi Leon Perez esa Ozodani atigi 1 kiloga ortda qoldirdi.
Ushbu yo`nalishda oltin medalni katta tafovut bilan AQSh terma jamoasining yana bir vakilasi Ketrin Estep egalladi. U dast ko`tarish mashqini 89 kilo bilan yakunladi.
Siltab ko`tarish mashqida Ozoda Hojieva ilk urinishida 92 kg, ikkinchi urinishida 95 kg og`irlikni o`ziga bo`ysundirdi. So`nggi urinishda esa hamyurtimiz 98 kg og`irlikni ko`tara olmadi. Shunday bo`lsa-da, siltab ko`tarish mashqida hamyurtimiz 3-o`rinni band etdi.
Ikkikurash natijasiga ko`ra, 172 kg natija qayd qayd etgan Ozoda Hojieva 2-o`rinni egalladi va terma jamoamiz hisobiga jahon chempionatining dastlabki kumush medalini taqdim etdi. Oltin medalni esa kutilganidek amerikalik Ketrin Estep qo`lga kiritdi.
Og`ir atletika bo`yicha o`smirlar o`rtasida Jahon chempionati
-55 kg vazn toifasi, qizlar
1. Ketrin Estep (AQSh) – 198 kg,
2. Hojieva Ozoda (O`zbekiston) - 172 kg,
3. Leon Perez (Meksika) - 171 kg