O`zbekistonda qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, lisenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish, soddalashtirishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
O`zbekiston Respublikasining 2021 yil 17 iyuldagi “Lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to`g`risida”gi Qonuni ham bu borada muhim ahamiyatga ega bo`ldi.
Unga ko`ra, endilikda faqatgina faoliyatni amalga oshirish hayot va sog`liqqa, atrof-muhitga zarar, fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga, jamoat xavfsizligiga ziyon etkazilishiga sabab bo`lishi mumkin bo`lsa, lisenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari joriy etiladi.
Lisenziyalash bilan bog`liq boshqa tartiblar esa barcha uchun ochiq bo`lgan “Lisenziya” axborot tizimi (maxsus elektron tizim) orqali amalga oshirilishi nazarda tutilgan.
Shuningdek, yuridik shaxslar filiallari va vakolatxonalari uchun alohida lisenziyalar hamda ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar olish talab etilmaydi, bunda avval olingan lisenziya va ruxsatnomalarda filiallar manzillari ko`rsatiladi xolos.
Filiallar tashkil etgan yuridik shaxslar vakolatli organni maxsus elektron tizim yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali xabardor qilishi mumkin.
Lisenziyalar, ruxsat berish hujjatlar va xabarnomalar reestri faoliyat turi bo`yicha alohida-alohida maxsus elektron tizimda ochiq elektron shaklda yuritiladi.
S.ChULIEV,
Davlat xizmatlari agentligi Qashqadaryo viloyat
boshqarmasi boshlig`i o`rinbosari






