Yo`qolgan ashyoni topib olgan shaxs bu haqda uni yo`qotgan shaxsni darhol xabardor etishi hamda topilgan ashyoni shu shaxsga qaytarishi shart.
Topilgan ashyo qaytarilishini talab qilish huquqiga ega bo`lgan shaxs noma`lum bo`lsa, ashyoni topib olgan shaxs topilma to`g`risida ichki ishlar organiga, tegishli davlat organlariga yoki fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organiga ma`lum qilishi shart.
Agar yo`qolgan ashyoni olishga haqli bo`lgan shaxs topilma to`g`risida ichki ishlar organiga yoki tegishli davlat organiga xabar qilingan paytdan e`tiboran 6 oy mobaynida aniqlanmasa ashyoni topib olgan shaxs unga egalik huquqini oladi.
Ashyoni topib olgan shaxs uni olishga haqli bo`lgan shaxsdan topilma uchun ashyo qiymatining 20 foiziga qadar miqdorida mukofot talab qilishga haqlidir.






