Shavkat Mirziyoev ayni damda Qashqadaryo viloyatida bo`lib turibdi. O`zLiDePdan prezidentlikka nomzod saylovchilar bilan bo`lib o`tayotgan uchrashuvda o`z nutqini Qashqadaryo viloyatining tarixini eslashdan boshladi, deya xabar bermoqda “Darakchi” muxbiri Sardorbek Rahmonqulov.
“Qashqadaryo – qadimiy va tabarruk zamin, mard va bag`rikeng, mehnatkash va lafzi halol, g`ururi baland insonlar yurtidir. 2700 yillik tarixga ega Shahrisabz va Qarshi shaharlari bilan butun xalqimiz faxrlanadi. O`rta asrlarda Nasaf, ya`ni bugungi Qarshi Islom sivilizasiyasiga beqiyos hissa qo`shgani uchun “Madina” degan oliy maqomga sazovor bo`lgan”, - dedi u.
Ma`ulmot uchun: bunday yuksak maqomga Islom olamida faqat 8 ta shahar loyiq ko`rilgan.
Xorijliklarni lol qoldirgan Oqsaroy
Shavkat Mirziyoev “ilm va din qubbasi” nomini olgan Shahrisabzdagi Oqsaroy, Dorus-saodat, Dorut-tilovat kabi me`moriy obidalar, Temuriylar Renessansi davrining buyuk namunalari sifatida, beqiyos ahamiyatga ega ekanligini ta`kidlab: “Ispaniya Qirolligidan Amir Temur bobomiz huzuriga elchi bo`lib kelgan Klavixoning: “Parijning eng nozik didli zodagonlari ham Oqsaroyni ko`rganida hayratdan lol qolar edi”, degan so`zlari ham, fikrimizni tasdiqlaydi”, - dedi.
Shuningdek, u bundan ming yil oldin jaholatga berilgan kimsalarni o`z asarlari orqali to`g`ri yo`lga boshlagan buyuk vatandoshimiz Abu Muin Nasafiy sharafiga Qarshi tumanida muhtasham yodgorlik majmuasi bunyod etilganidan xursand ekanligini aytdi va quyidagi takliflarni ham berdi:
- Yakkabog` tumanidagi Sohibqiron Amir Temur tug`ilgan Xo`ja Ilg`or qishlog`ini obodonlashtirib, zamonaviy infratuzilmalar yaratish;
- Qarshi davlat universiteti qoshida Abu Muin Nasafiy nomida ilmiy markaz tashkil etish;
- turli davrlarda Nasaf shahrida yashab faoliyat ko`rsatgan
400 nafardan ziyod islomshunos olimlarning ilmiy merosini chuqur o`rganish, asarlarini bugungi tilimizda, keng jamoatchilikka tushunarli qilib nashr etish, shular jumlasidandir.






