Qashqadaryo viloyatida ishsizlar va yoshlarni kasb-hunarga o`qitishning mutlaqo yangi tizimi joriy etiladi. Bunda neft va gaz sohasining viloyatda faoliyat ko`rsatayotgan 5 ta yirik korxona mutaxassislari tajribasidan foydalaniladi.
“Darakchi” muxbiri Sardorbek Rahmonqulovning Shavkat Mirziyoev ishtirokidagi yig`ilishdan ma`lum qilishicha, endi Qashqadaryo viloyatidagi barcha kasb-hunar markazlari ikkita eng yirik bo`lgan Sho`rtan gaz kimyo majmuasi va Muborak gazni qayta ishlash zavodiga biriktiriladi.
Bunda korxona mutaxassislari:
- talab yuqori bo`lgan mutaxassislarni viloyat bo`yicha tayyorlash rejalarini belgilaydi;
- o`quv dasturlar va metodikasini amaliyotdan kelib chiqib, qayta ko`rib chiqadi;
- har bir yosh o`quvchi o`qish jarayonida o`z mutaxassisliklari bo`yicha amaliyot o`tishini tashkil etadi.
Yangi ochilgan monomarkazda Ay-Ti, murakkab uskuna operatori va boshqa yuqori texnologik mutaxassisliklar o`rgatiladi.
Shuningdek, har bir tumanda kamida beshtadan, jami viloyatda 90 ta kasbga o`qitish maskanlarida tumanning ixtisosligidan kelib chiqib yoshlar va ishsizlar kasbga bepul o`qitiladi.
" – Men “O`zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullaev bilan batafsil gaplashdim. Qashqadaryoda bu jamiyat ishtirokida yangicha tizim yo`lga qo`yamiz. Bunda neft va gaz sohasining viloyatda faoliyat ko`rsatayotgan 5 ta yirik korxona mutaxassislari tajribasidan foydalanamiz.
Shu tizim orqali, kelgusi besh yilda 150 mingdan ziyod ishsizlar va yoshlar tadbirkorlik va kasb-hunarga o`qitiladi. Bundan tashqari, Shahrisabz, Kitob, Kasbi hamda Qarshi shahrida hunarmandchilik markazlari qurilib, 15 mingdan ziyod yoshlar shogirdlikka olinadi," – dedi Shavkat Mirziyoev.