Internet tarmog`ida turkiyalik sobiq amaldor o`g`lining vaksinaga qarshi qaratilgan fikrlari tarqaldi. Emishki, vaksina olish yungli, bir ko`zli, dumli chaqaloqlar tug`ilishiga sabab bo`larkan. Bu kabi mish-mishlar tarqalishiga nima sabab bo`lmoqda? Bu xabarlar qanchalik asosli?
SSV Matbuot xizmati ushbu savollarga javob olish maqsadida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig`ining o`rinbosari, tibbiyot fanlari doktori, professor Nurmat Atabekovga murojaat qildi:
"— O`ylab ko`rsak, dunyoda vaksinasiya jarayonlariga ommaviy start berilganiga hali 9 oy ham bo`lgani yo`q. Dunyo bo`yicha shu paytga qadar homilador ayollarda emlash jarayonlari amalga oshirilmadi. Vaksinasiya jarayonlari dastlab boshlanganida faqatgina xavfosti guruhiga kirgan aholi vakillari emlana boshlangan edi. Emlanganlarning aksariyati yoshi 65 yoshdan yuqori insonlar bo`lib, ular, asosan, farzand ko`rish yoshidan ancha yuqori qatlam hisoblanadi. Bu — birinchidan.
Ikkinchidan, JSSTning so`nggi tahlillari homilador va emizikli ayollar, hatto, OITS va OIV infeksiyalari bilan kasallangan bemorlar ham emlanishi mumkinligini ko`rsatmoqda. Shunday ekan, homiladorlar kelgusida emlana boshlangan taqdirda ham ularda bunday holatlar kuzatilmasligiga kafolat bor.
Uchinchidan, vaksina tayyorlanadigan virus genomi bilan inson irsiyatiga javob beruvchi genlarning umuman aloqasi yo`q.
To`rtinchidan, aksariyat vaksinalarda virusning to`liq namunalari emas, uning tarkibidagi rekombinant oqsil moddasi foydalanilmoqda. Demak, emlash orqali organizmga virus namunasi kiritilmaydi.
Beshinchidan, tarqatilgan majruh chaqaloqlar surati katta ehtimol bilan homilador ayollarning skrining jarayonlarida olingan bo`lishi mumkin. Bilamizki, skrining tekshiruvidan maqsad ana shunday salbiy holatlar aniqlansa, homiladorlikni oldini olish, bolani sog`lom dunyoga kelishini ta`minlashdir.
Demak, agar qaydadir majruh bolalar tug`ilgan bo`lsa, bu virus bilan bog`liq emas. Buning barchamizga ma`lum bo`lgan bir qancha sabablari bor bo`lib, ular qatoriga giyohvandlik, ichkilikbozlik va kashandalik kabi zararli odatlar, yaqin qarindoshlar o`rtasidagi nikoh va nosog`lom hayot tarzi kabi omillarni kiritish mumkin.
Bu kabi tibbiy mantiqqa va haqiqatga zid bo`lgan xabarlarni tarqatishdan maqsad esa aynan biror ishlab chiqaruvchiga qarshi provokasiya uyushtirish, shaxsiy ziddiyatlar sabab kimgadir informasion zarar etkazish yoki dunyo jamoatchiligini o`ziga qaratish, deb o`ylaymiz.
Ma`lumot uchun, «Stopface.kz» nashri qayd etishicha, e`lon qilingan suratlarning birortasi koronavirus pandemiyasi va vaksinalarga bog`liq emas. Birinchi suratda dumi bor chaqaloq tasvirlangan — bu grafik tahrirlagichning ishi hisoblanadi. Surat 2009 yilda suratkash Saymon Stoun tomonidan qayta ishlangan.
Usti yung bilan qoplangan bolakayning surati ham vaksinaga bog`liq emas. Unda gipertrixoz yoki «maxluq sindromi» deya ataluvchi kasallik bilan tug`ilgan bola tasvirlangan. 2019 yilda Ispaniyada 16 nafar bolada ushbu kasallik aniqlangan. Keyinroq ularning barchasi soch to`kilishiga qarshi vosita bo`lgan dorini ishlatgani ma`lum bo`lgan.
Erbakan tomonidan namoyish etilgan uchinchi suratda 2016 yili Hindistonda tug`ilgan siam egizaklari tasvirlangan", – dedi Nurmat Atabekov.






