O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 14 aprel kuni Shanxay hamkorlik tashkilotiga a`zo davlatlar Xavfsizlik kengashlari rahbarlari, shuningdek, ShHT Bosh kotibi va ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo`mitasi direktori bilan uchrashdi.
Davlatimiz rahbari mehmonlarni samimiy qutlar ekan, Shanxay hamkorlik tashkiloti o`zining o`n besh yillik faoliyati davomida nufuzli va samarali xalqaro tashkilot sifatida mustahkam qaror topganini, uning faoliyati tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlash, ShHTga a`zo davlatlarning izchil ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta`minlash sohasida ushbu tashkilotga a`zo mamlakatlar oldida turgan umumiy vazifalarni hal etishga xizmat qilayotganini ta`kidladi.
O`zbekistonning tashkilotga joriy raisligi davrida a`zo davlatlarning birgalikdagi harakatlari bilan ShHT doirasida, avvalambor, hozirgi kundagi xavfsizlikka tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashish borasida ko`p qirrali o`zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirishga qaratilgan izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining Toshkent shahrida o`tadigan navbatdagi yubiley yig`ilishi har tomonlama mazmunli va samarali bo`lishiga alohida e`tibor qaratilmoqda.
O`zbekiston tashabbusi bilan 2004 yilda tashkil etilgan, ShHTning muhim va samarali instituti bo`lgan Xavfsizlik kengashlari kotiblarining yig`ilishi tashkilot organlari va mexanizmlari tizimining ajralmas qismi bo`lib, tashkilot hududida xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash bo`yicha tomonlar faoliyatini muvofiqlashtirib borishda muhim vazifani bajarib kelmoqda.
Davlatimiz rahbari Shanxay hamkorlik tashkiloti mamlakatlari hududida terrorizm, ekstremizm va separatizm ko`rinishlari, shuningdek, boshqa tahdid va xavf-xatarlarning oldini olish, ularni bartaraf etish borasida muhim qarorlar ishlab chiqish va amalga oshirishda ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi ham alohida o`rin tutayotganini ta`kidladi.
Qozog`iston, Xitoy, Qirg`iziston, Rossiya va Tojikiston delegasiyalari rahbarlari Shanxay hamkorlik tashkilotiga a`zo davlatlar Xavfsizlik kengashlari kotiblarining Toshkentda o`tkazilgan o`n birinchi yig`ilishida muhokama qilingan masalalar yuzasidan fikr bildirdi, samimiy qabul uchun Prezidentimizga minnatdorlik izhor etdi. O`zbekistonning ShHTga raisligi jarayonida ko`plab sohalarda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishda tashkilot faoliyatini yanada faollashtirish bo`yicha mamlakatimiz amalga oshirayotgan ishlar katta ahamiyatga ega ekanini ta`kidladi.