Joriy yilning 29 sentyabr kuni Xorazm viloyati Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashining ta`sis yig`ilishi bo`lib o`tdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati "Darakchi.uz"ga ma`lum qildi.
Yig`ilish avvalida jamiyatda korrupsiya keltirib chiqarayotgan ijtimoiy-moliyaviy muammolar va ularning oldini olish, bartaraf etish maqsadida ishlab chiqilayotgan privintiv mexanizmlar haqida to`xtalib o`tildi.
Shundan so`ng Xorazm viloyati Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashining a`zolari yig`ilganlarga tanishtirilib, viloyatda bu borada amalga oshirilishi lozim bo`lgan ishlar va Kengash a`zolari oldida turgan vazifalar belgilab berildi. Xususan,
- hududiy Kengash viloyatda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat va boshqa dasturlarning amalga oshirilishini tashkil etadi;
- aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga doir chora-tadbirlarning ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishini tashkil etadi;
- korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni aniqlash, chek qo`yish, oqibatlari hamda imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga doir chora-tadbirlar samaradorligi oshirilishini ta`minlaydi;
- korrupsiyaning holati va tendensiyalari to`g`risidagi axborotni yig`adi hamda tahlil qiladi;
- korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha chora-tadbirlarning amalga oshirilishi yuzasidan monitoringni amalga oshirish, ushbu sohadagi mavjud tashkiliy-amaliy va huquqiy mexanizmlarning samaradorligini baholash uchun tegishli hududda qilingan ishlar ijrosi haqida Milliy kengash ishchi organiga axborot taqdim etadi.
Anjuman davomida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining o`rinbosari T.Haydarov, O`zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi raisi X.Yodgorov, O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti boshlig`i D.Rahimov so`zga chiqib, korrupsiyaga qarshi kurashish yo`nalishida amalga oshirilayotgan islohotlar va bu jarayonda tashkil etilayotgan hududiy Kengashlarning o`rni haqida batafsil ma`lumot berdilar.






