AsosiyJamiyat

Samarqandda 42 kishi muddatidan oldin jazodan ozod qilindi

'Samarqandda 42 kishi muddatidan oldin jazodan ozod qilindi'ning rasmi

Samarqand viloyat sudi raisi O.Hayitov va viloyat ma`muriy sudi raisi T.Fayziev Pastdarg`om tumani Xalq qabulxonasida fuqarolar bilan uchrashuv va sayyor qabul o`tkazdi. 

Qabul jarayonida jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy va ma`muriy masalalar yuzasidan 50 ga yaqin fuqaroning murojaati ko`rib chiqildi.

Shuningdek, sodir qilgan jinoiy qilmishi uchun ozodlikdan cheklash jazosiga hukm qilingan 19 nafar fuqaro hamda axloq tuzatish ishlari jazosini o`tayotgan 23 nafar fuqaro viloyat sudi raisiga murojaat qildi. Ular qilmishidan pushaymonligi, tegishli xulosa chiqarganligi, tuzalish yo`liga qat`iy o`tganligini, bundan buyon qonun-qoidalarga amal qilib hayot kechirishini bildirib jazoning o`talmay qolgan qismidan ozod qilishni so`radi.

– Mamlakatda qonun ustuvor, jinoyatga jazo muqarrar. Har kim qilmishiga yarasha jazosini olishi aniq, – deydi O.Hayitov. – Biroq, qilmishining oqibatini anglab etgan, pushaymon bo`lgan, o`ziga xulosa chiqargan shaxslarga hukumatimiz engilliklar berayapti. Bugungi sud-huquq islohotlari ham shunga qaratilgan. Bugun sayyor sud majlisi tashkil etiladi va sud har bir holatni alohida ko`rib chiqib, qonuniy xulosa qiladi. Jazosi engillashtirilib, ozodlikka chiqarilganlar butunlay qutilib ketdi, degani emas. Bu ularga imkoniyat. Lekin bu yaxshilikni, bag`rikenglikni suiiste`mol qilmaslik kerak.

Shundan so`ng, sayyor sud majlisi tashkil etildi. S.Xodjimamatov jinoyat ishlari bo`yicha Pastdarg`om tuman sudining 2020 yil 10 avgustdagi hukmiga ko`ra jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “g”bandi bilan aybli deb topilib, unga 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. Sayyor sudda jazoning o`talmay qolgan 1 yil muddatini o`tashdan ozod etildi.

Shu tariqa barcha murojaatlar birma-bir ko`rib chiqilib, aksariyat murojaatlar ijobiy hal etildi. O`rganilishi vaqt talab qiladigan masalalar yuzasidan aniq muddat belgilandi.

    Boshqa yangiliklar