Adliya vazirining buyrug`i bilan Tovar belgisi va xizmat ko`rsatish belgisini ro`yxatdan o`tkazish uchun talabnoma tuzish, topshirish va ko`rib chiqish qoidalariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritildi.
Birinchidan, talabnoma beruvchining xohishiga ko`ra talabnomaning ekspertizasi vakolatli organ tomonidan tezkor tartibda, ya`ni talabnoma ko`rib chiqishga qabul qilinganligi to`g`risida qaror chiqarilgan kundan e`tiboran bir oy mobaynida o`tkazilishi bilan to`ldirildi. Bunda talabnomaning ekspertizasini tezkor tartibda o`tkazish talabnoma beruvchining bu haqdagi iltimosnomasiga asosan amalga oshiriladi. Iltimosnoma vakolatli organga talabnoma bilan bir paytda yoki u topshirilgan sanadan e`tiboran 3 oy davomida taqdim qilinishi kerak.
Ifodalangan belgini ekspertizadan o`tkazish Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi tomonidan amalga oshiriladi (“Tovar belgilari, xizmat ko`rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to`g`risida”gi Qonunning 15-moddasi).
Ikkinchidan, belgilanishicha, ifodalangan belgining muhofazaga layoqatlilik axborotini izlash rasmiy ekspertiza yakunlangan kundan boshlab 10 kun ichida amalga oshiriladi. Uning natijalari bo`yicha hisobot tuziladi, unda quyidagilar aks ettiriladi:
- izlash o`tkazilgan talabnoma raqami;
- talabnoma topshirilgan sana;
- talabnomada ko`rsatilgan belgining tovar va xizmatlarning xalqaro klassifikasiyasi (TXXK) bo`yicha sinflari;
- axborotni izlash o`tkazilgan belgining tasviri;
- ma`lumotlar bazalari, lug`atlar, maxsus adabiyotlar ro`yxati;
- bibliografik ma`lumotlar ko`rinishidagi axborotni izlashga aloqador hujjatlar, muayyan sinflarga havolalar;
- axborotni izlash yakunlangan sana.
Belgilanishicha, ommaga ma`lum bo`lgan har qanday ma`lumotlar axborot izlashning hajmiga kiritilishi mumkin.






