AsosiyJamiyat

Shavkat Mirziyoev Buxoroning bebaho merosini bugungi avlodga etkazish maqsadida o`zining bir nechta takliflarini aytdi

'Shavkat Mirziyoev Buxoroning bebaho merosini bugungi avlodga etkazish maqsadida o`zining bir nechta takliflarini aytdi'ning rasmi

Buxoro viloyatiga saylovoldi tashviqot maqsadida tashrif buyurgan Shavkat Mirziyoev ishtirokida viloyatdagi saylovchilar bilan yig`ilish bo`lib o`tmoqda. O`zLiDePdan prezidentlikka nomzod o`z ma`ruzasi avvalida ko`hna Buxoroning tarixi, salohiyati va siymolarini yodga oldi, deya yig`ilishdan xabar qilmoqda “Darakchi” muxbiri Sardorbek Rahmonqulov.

“Hammamiz yaxshi bilamiz, ko`hna va boqiy Buxoro insoniyat sivilizasiyasining eng qadimiy beshiklaridan biri hisoblanadi. Bu qutlug` diyorda o`tmishda 400 ga yaqin madrasa, jumladan, 33 ta oliy madrasa, ya`ni, oliy o`quv yurti faoliyat yuritgani bugun ham odamni hayratga soladi. Buxoro – Imom Buxoriydek buyuk hadisshunos olimlar, Muhammad Narshaxiydek ulug` tarixchilar, Ibn Sinodek tibbiyot ilmining piri bo`lgan tengsiz allomalar, qadri baland insonlar yurti. Buxoro – “etti pir” nomi bilan ma`lum va mashhur bo`lgan aziz-avliyolar xoki poklari yotgan muqaddas zamindir”, dedi amaldagi prezident.

Shu bilan birga Shavkat Mirziyoev birinchi va ikkinchi Renessans ravnaqiga mislsiz hissa qo`shgan Buxoroning uch mingdan ziyod allomalari va ularning bebaho merosini bugungi avlodga etkazish maqsadida o`zining bir nechta takliflarini ham berdi.

Ular orasidan:

-  “Buxoroning buyuk allomalari merosi” nomli ko`p jildli kitoblar turkumini nashr etish;

-  ilm-fanning turli sohalarida 400 dan ziyod nodir asarlar yozgan alloma Abu Ali ibn Sinoning bebaho merosini chuqur o`rganish, mamlakatimiz va jahon miqyosida keng targ`ib qilish maqsadida, “Abu Ali ibn Sino va Sharq Renessansi” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o`tkazish an`anasini yo`lga qo`yish;

-  Buxoro shahrida tashkil etilgan yodgorlik majmuasini “Fayzulla Xo`jaev uy-muzeyi” deb qayta nomlab, uning yangi ekspozisiyasini yaratish;

-  Buxoro shahrida Abdurauf Fitrat nomidagi o`zbek tili va xorijiy tillarni o`qitishga ixtisoslashgan ijod maktabini barpo etish kabi tashabbuslar o`rin egalladi.

“O`tgan asrning 20-yillarida turkistonlik 70 nafar yigit-qizni Germaniyaga o`qishga yuborishda bu ulug` siymoning qanday katta rol o`ynaganini sizlar albatta yaxshi bilasiz. Fitrat chet elga jo`nab ketayotgan talabalarni Samarqanddagi Amir Temur maqbarasi oldida Vatan manfaatlariga sodiq bo`lish haqida qasamyod qildiradi. Qarang, qanday vatanparvarlik, fidoyilik namunasi bu!”, - dedi u.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoev hadis ilmining sultoni Imom Buxoriyning ustozi, yurtimizda islom huquqshunosligi faniga asos solgan buyuk alloma Abu Hafs Kabir Buxoriy hazratlarining muborak nomini abadiylashtirish, ilmiy merosini xalqimizga etkazish maqsadida 2023 yilda uning tavalludiga 1255 yil to`lishi munosabati bilan ushbu sanani munosib nishonlash bo`yicha maxsus qaror qabul qilishini ham ma`lum qildi.

    Boshqa yangiliklar