AsosiyJamiyat

Urganchda Al-Xorazmiy, Toshkentda Botir Zokirov haykali o`rnatiladi

'Urganchda Al-Xorazmiy, Toshkentda Botir Zokirov haykali o`rnatiladi'ning rasmi

Poytaxtimizdagi O`zbekiston Milliy matbuot markazida O`zbekiston Badiiy akademiyasi rahbariyati ishtirokida tasviriy va amaliy san`at, dizayn yo`nalishini rivojlantirish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlarga bag`ishlangan matbuot anjumani o`tkazildi.

O`zbekiston Badiiy akademiyasi rahbariyati 2021 yilning o`tgan davrida amalga oshirilgan ishlar haqida ma`lumot berdi.

Jamiyatimizda kechayotgan ulkan ma`rifiy islohotlar jarayonida milliy tasviriy va amaliy san`atimizni yuksaltirish va mustahkamlash masalalariga ham katta e`tibor qaratilayotgani e`tirof etildi.

Matbuot anjumanida O`zbekiston Badiiy akademiyasi raisi o`rinbosari Farhod Toshmuhammedov joriy yilda Urganchda Al-Xorazmiyga, Toshkentda Botir Zokirov yashab o`tgan xonadonga san`atkor haykali o`rnatilishini ma`lum qildi.

Qayd qilinganidek, 2021 yil davomida o`zbek tasviriy san`ati, madaniyati, adabiyoti etuk vakillari xotirasini abadiylashtirish maqsadida 15 ta barelef, 3 ta haykal, 1 ta landshaft dizayni va bog` me`morchiligi bo`yicha haykaltaroshlik loyihalari yaratildi.

Milliy amaliy san`atimizni keng jamoatchilikka tanitish uchun “O`zbekiston amaliy san`ati” katalogi o`zbek, rus va ingliz tillarda 1000 nusxada nashr etildi.

2021 yilda O`zbekiston Badiiy akademiyasi qutlug` sana – Mustaqilligimizning 30 yilligi munosabati bilan muassasa va tashkilotlar bilan hamkorlikda mustaqillikning mazmun-mohiyati va tarixiy ahamiyatini aks ettiradigan ma`naviy-ma`rifiy tadbirlar, festival va an`anaviy ko`rgazmalar, ijodiy loyihalar o`tkazgan.

Mustaqilligimizning 30 yilligi munosabati bilan O`zbekiston tasviriy va amaliy san`ati taraqqiyotiga hissa qo`shgan faol ijodkorlar, soha vakillari rag`batlantirildi. Jumladan, 6 nafar xodim “Mehnat faxriysi” ko`krak nishoni, 1 nafari “O`zbekiston Respublikasi xalq rassomi” faxriy unvoni, 1 nafari “O`zbekiston Respublikasida xizmat ko`rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni, 1 nafari “Shuhrat” medali, 1 nafari «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni, 3 nafari “O`zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlangan.

Matbuot anjumanida jurnalistlar o`zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

    Boshqa yangiliklar