AsosiyJamiyat

Uy-joy va ichimlik suvi muammolari. Navoiyda bu masalalar qanday hal qilinadi?

'Uy-joy va ichimlik suvi muammolari. Navoiyda bu masalalar qanday hal qilinadi?'ning rasmi

Ayni paytda navoiylik saylovchilar bilan bo`lib o`tayotgan uchrashuvda Shavkat Mirziyoev viloyat aholisi uchun munosib yashash sharoitini yaratish masalalariga ham to`xtaldi, deya xabar qilmoqda “Darakchi” muxbiri Sardorbek Rahmonqulov.

Taxminiy hisob-kitoblarga ko`ra, kelgusi besh yilda Navoiy aholisi kamida 150 ming nafarga oshadi. Shundan kelib chiqib:

- Navoiy shahrida yangi massiv barpo etilib, 4 ming xonadonga mo`ljallangan ko`p qavatli uylar, maktab, bog`cha va boshqa ijtimoiy ob`ektlar barpo etiladi;

- Zarafshon shahri hududi kengaytirilib, qo`shimcha 30 ming aholi yashashi uchun, zamonaviy infratuzilmaga ega bo`lgan,  “Sanoatchilar shaharchasi” quriladi;

- boshqa tumanlarda 14 ming xonadonli 400 ta ko`p qavatli uy-joylar quriladi.

Bunda:

- joriy yildan boshlab, Karmana tumanida “Bag`dod tajribasi” asosida uy-joylar, ishlab chiqarish, sanoat va ijtimoiy infrastruktura ob`ektlarini o`z ichiga olgan Yangi O`zbekiston massivlari barpo etiladi;

- 2 mingta xonadon ehtiyojmand oilalar uchun ajratilib, ularga 100 milliard so`m subsidiya beriladi.

Navoiy sharoitida eng dolzarb masalalardan biri – aholini toza ichimlik suvi bilan ta`minlash hisoblanadi. Shu bois, besh yilda viloyatda 1 ming kilometrdan ziyod ichimlik suvi va 90 kilometr kanalizasiya tarmoqlari quriladi.

Shuningdek, 32 milliard so`mlik gidrogeologik tadqiqotlar olib borilib, Zarafshon shahri, Uchquduq,  Xatirchi va Tomdi tumanlarining jami 70 mingdan ortiq aholisi, er osti zaxirasi hisobidan ichimlik suvi bilan ta`minlanadi.

Natijada, 2026 yilga borib, 163 ming nafar aholiga ilk bor ichimlik suvi olib borilib, yana 200 ming aholining suv ta`minoti yaxshilanadi. Viloyatda markazlashgan ichimlik suvi ta`minoti darajasi 69 foizdan 84 foizga etkaziladi.

“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida esa kelgusi besh yilda 100 ta qishloq va mahalla obod qilinadi. Bunga, byudjetdan har yili kamida 600 milliard so`m yo`naltiriladi.

Shuningdek, kelgusi besh yilda 5 ming kilometr elektr tarmog`i, 1 mingdan ziyod transformatorlar yangidan quriladi. Bu o`tgan besh yilga nisbatan 2 marta ko`p.

    Boshqa yangiliklar